Milliy armiyamiz – Yangi Oʻzbekistonning mustahkam qalqonidir! Mamlakatimizda ushbu shior ostida Vatanparvarlik oyligi yuksak saviyada oʻtkazildi

12:07 16 Yanvar 2023 Jamiyat
893 0

Illustrativ foto

Davlatimiz rahbarining 2022-yil 14-dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 31 yilligini hamda Vatan himoyachilari kunini nishonlashga tayyorgarlik koʻrish va oʻtkazish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoyishiga asosan “Milliy armiyamiz – Yangi Oʻzbekistonning mustahkam qalqonidir!” shiori ostida yurtimiz boʻylab Vatanparvarlik oyligi yuksak saviyada oʻtkazildi.

Oylik davomida yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ular qalbida milliy gʻururni kamol toptirish, harbiy qismlarga tashriflar tashkil etish orqali mudofaa tizimida olib borilayotgan keng qamrovli islohotlarni yaqindan tanishtirish, shuningdek, harbiy xizmatchilarni ijtimoiy-maʼnaviy qoʻllab-quvvatlash ishlari bardavomligi taʼminlashga alohida eʼtibor qaratildi. 14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan joylarda keng jamoatchilik ishtirokida boʻlib oʻtgan bayram tadbirlari esa oylikning yorqin taassurotlarga boy sahifalaridan biriga aylandi.

Shu kuni erta tongdan Termiz shahridagi Xotira maydoniga Surxondaryo viloyati hokimligi, davlat va jamoat tashkilotlari xodimlari, ofitser, serjant va harbiy xizmatchilar, Qurolli Kuchlarimiz faxriylari hamda jamoatchilik vakillari tashrif buyurdi. Ular Motamsaro ona haykali poyiga gulchambarlar qoʻyib, Vatanimiz tinchligi, xalqimiz osoyishtaligi yoʻlida jon fido qilganlarni yod etdi.

Shundan soʻng asosiy bayram tadbiri Termiz shahridagi Sanʼat saroyida boʻlib oʻtdi. Tadbir avvalida davlatimiz rahbarining Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 31 yilligi va Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan yoʻllagan bayram tabrigini Surxondaryo viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Ulugʻbek Qosimov oʻqib eshittirdi.

Tabrikda qayd etilganidek, soʻnggi yillarda Qurolli Kuchlarimiz jangovar shayligini oshirish maqsadida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar tinch va osoyishta hayotimiz kafolati boʻlib xizmat qilmoqda. Harbiy xizmatchilarning oila aʼzolari hamda soha faxriylarini ijtimoiy himoya qilish masalasiga ham jiddiy ahamiyat berilmoqda. Harbiy xizmatlarni uy-joy bilan taʼminlash, maishiy sharoitini yaxshilash doimiy eʼtibor markazida.

Vatanparvarlik oyligi davomida navqiron avlodimizni bugungi axborot makonida mavjud tahdidlardan himoya qilish, ularda yot va zararli gʻoyalarga qarshi barqaror immunitetni shakllantirish maqsadida davlat va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda yoshlar, ayniqsa, uyushmagan yoshlar oʻrtasidagi tarbiyaviy ishlar samaradorligi oshirildi. Tabiiyki, ushbu vazifalarni bajarishda “Xalq va armiya bir tanu bir jondir!” degan tamoyildan kelib chiqib, harbiy-maʼmuriy sektorlar va keng jamoatchilik faollik koʻrsatdi.

Samarqandda esa sana munosabati bilan bayramning asosiy tantanasi viloyat markazidagi Yoshlar markazida boʻlib oʻtdi. Unga Qurolli Kuchlar safida xizmat qilib, Vatan himoyasidek sharafli ishda kamarbasta boʻlib kelayotgan fidoyi xodimlar, harbiylar, ularning oila aʼzolari hamda faxriylar taklif etildi.

Tadbirda bir guruh harbiy xizmatchilar Mudofaa vazirligi tomonidan mukofotlandi, shuningdek, faol harbiylar, huquq-tartibot idoralari vakillariga viloyat hokimligining faxriy yorligʻi va esdalik sovgʻalari tantanali ravishda topshirildi.

Bayram tadbiri sanʼatkorlar tomonidan ijro etilgan kuy-qoʻshiqlar bilan davom etdi.

Xorazmda Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan Shimoli-gʻarbiy harbiy okrugi, viloyat hududida joylashgan harbiy qismlar, mudofaa ishlari boshqarmasi va Urganch harbiy prokuraturasiga bayram sovgʻasi sifatida zamonaviy kompyuterlar topshirildi. Shuningdek, xizmat vazifalarini bajarishda yuqori kasbiy mahorati bilan oʻrnak boʻlayotgan bir guruh harbiy xizmatchilar, huquq-tartibot idoralari xodimlari viloyat hokimining sovgʻalari bilan taqdirlandilar.

Urganch shahrida mudofaa, ichki ishlar, favqulodda vaziyatlar hamda Milliy gvardiya tizimida xizmat qilayotgan xodimlarga yangi uylar kaliti topshirilgani oʻnlab harbiylar oilalariga qoʻshaloq bayram quvonchini olib kirdi.

“Xalq soʻzi” muxbirlari.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер