Mikroqarz berishning eng yuqori miqdorini ellik million soʻmdan yuz million soʻmgacha oshirilishi mumkin

14:01 26 Dekabr 2023 Siyosat
389 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga kredit majburiyatlarini bajarish tartibini takomillashtirish hamda aholining mikromoliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi birinchi oʻqishda koʻrib chiqildi.

Qonun loyihasi bilan Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksiga jismoniy shaxslar va tadbirkorlik subyektlari tomonidan mikroqarz yoki kredit boʻyicha amalga oshirilgan toʻlov summasi agar qarz oluvchining majburiyatlarini bajarish uchun yetarli boʻlmasa, qarz oluvchining qarz majburiyatlarini mutanosib ravishda soʻndirilishini nazarda tutuvchi tartib belgilanmoqda.

Shuningdek, kredit boʻyicha qarzdorlikni va hisoblangan foizlarni undirish haqida sudning hal qiluv qarori chiqarilganda, mazkur kredit boʻyicha foizlar, shuningdek neustoyka hisoblanishi toʻxtatilishiga oid oʻzgartirish va qoʻshimcha kiritilmoqda.

Bundan tashqari, “Nobank kredit tashkilotlari va mikromoliyalashtirish faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonunga mikromoliyalashtirish faoliyati deb eʼtirof etiladigan mikroqarz berishning eng yuqori miqdorini ellik million soʻmdan yuz million soʻmgacha oshirilishini nazarda tutuvchi qoʻshimcha kiritilmoqda.

Qonun loyihasi qarz oluvchilar uchun qulay moliyaviy imkoniyatlar yaratishga hamda mikromoliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.

Savol-javoblardan soʻng, qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер