MIB isteʼmolchilarni qoʻllab-quvvatlamoqda
Illyustrativ foto
Bugun mamlakatimizda koronavirus infeksiyasini oldini olish, salbiy oqibatlarni kamaytirish maqsadida tegishli choralar koʻrilib, yurtimizda karantin eʼlon qilingani natijasida aholining aksariyat qismi oʻz uylarida qolmoqda. Eʼtiborli jihati, xalqimizga xos hamjihatlik mana shunday sinovli kunlarda yana-da boʻy koʻrsatmoqda. Yaʼni, saxovatpesha tadbirkorlarimiz kam taʼminlangan oilalar uchun zaruriy oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini tuhfa etishmoqda. Kosonsoyda esa majburiy ijro byurosining tuman boʻlimi saʼy-harakati bilan bir qator fuqarolarning foydalanilgan elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun qarzdorliklari hududda yashovchi tadbirkorlar, saxovatpesha insonlar hamkorligida toʻlab berildi.
-Toʻgʻrisi, bugun xalqimizning saxovatidan, Byuroning ezgu tashabbusidan koʻnglim togʻdek koʻtarildi. Elektr energiyasidan qarzdorlikni qanday toʻlayman deb oʻylanib turgan edim. Mana bu muammo bartaraf etilib, bizga yordam qilishdi,-deydi“Navbahor-2” MFYda yashovchi M. Rayimqulova.
Keyingi kunlarda Kosonsoy tuman MIBchilari tomonidan “Soyboʻyi”, “Tagijar”, “Sohibkor”, “Olmazor” va “Bogʻishamol” kabi mahalla fuqarolar yigʻinida istiqomat qiluvchi 20 nafarga yaqin kam taʼminlangan oilalarning salkam 2 mln soʻm atrofidagi qarzdorliklari homiylik asosida toʻlab berildi. Bu kabi xayriya tadbirlari davom etmoqda.
Qudratilla NAJMIDDINOV,
“Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring