Meteorologlar havo sifati global darajada yomonlashishidan ogohlantirmoqda
Illyustrativ foto
Davom etayotgan global isish atmosferani ifloslantirmoqda va tobora kuchli issiqlik toʻlqinlarini keltirib chiqarmoqda. Bu haqda Butunjahon meteorologiya tashkilotining yangi hisobotida aytildi.
Tashkilot ekspertlarining fikricha, haddan tashqari issiqlik oʻrmon yongʻinlarini kuchaytirmoqda, uning tutuni millionlab odamlarning nafas olishi uchun havoni xavfli qilmoqda. Qurgʻoqchilik tufayli atmosferaga katta miqdordagi qumli changlar koʻtarilmoqda.
“Oʻrmon yongʻinlari tutuni nafaqat havo sifati va sogʻligʻiga taʼsir qiladigan, balki oʻsimliklar, ekotizimlar va ekinlarga zarar yetkazadigan kimyoviy moddalar aralashmasini oʻz ichiga oladi va atmosferaga koʻproq karbonat angidrid chiqindilarini va shuning uchun koʻproq issiqxona gazlarini olib keladi”, deydi tadqiqot muallifi, doktor Lorenzo Labrador.
Bundan tashqari, yuqori harorat odamlar, hayvonlar va oʻsimliklar uchun zararli boʻlgan yer sathida ozonli tutun hosil boʻlishiga yordam beradi. Bu omillar birgalikda nafaqat aholi salomatligiga, balki oziq-ovqat xavfsizligiga ham tahdid soladi.
Global miqyosda ozon taʼsirida asosiy oziq-ovqat ekinlarining hosil yoʻqotilishi oʻrtacha 4,4-12,4 foizni tashkil qilmoqda. Hindiston va Xitoyning asosiy qishloq xoʻjaligi hududlarida esa bu koʻrsatkich 15-30 foizga yetgan.
Olimlarning taʼkidlashicha, issiqlik va havoning ifloslanishi, ayniqsa, katta shaharlar aholisi uchun katta xavf tugʻdiradi. Koʻp qavatli binolar shamolning tabiatiga va atrof-muhitning oʻrtacha haroratiga taʼsir qiladi va bu “issiqlik oroli” deb ataladigan effektni keltirib chiqaradi. Shu sababli, megapolislarda shahar tashqarisiga qaraganda harorat 9 daraja issiqroq boʻlishi mumkin. Bu shuni anglatadiki, shahar aholisining kasallanishi va oʻlimi iqlim omillari taʼsiri ostida oʻsishda davom etadi.
Butunjahon meteorologiya tashkiloti bosh kotibi, professor Petteri Taalasning taʼkidlashicha, mutaxassislar 2023-yilda rekord darajadagi eng issiq yozni qayd etgani uchun iqlim va havo sharoitlari yanada yomonlashishini kutishmoqda. Kanada, AQSH va Oʻrta yer dengizi mintaqasida oʻrmon yongʻinlari keng hududlarni qamrab olgan, yongan daraxtlardan chiqqan tutun Arktikagacha yetib borgan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring