“Men uchun ham yasha doʻstim...”

19:50 05 May 2021 Jamiyat
974 0

Kasbilik urush qatnashchisi Mirza bobo Joʻrayev jangda yoʻqotgan doʻstining shu gapi hamon yuragida asrab kelmoqda

Mirza bobo bosinqirab uygʻondi. Dastlab qayerda yotganini bilmay ancha vaqt atrofga alangladi. Derazada koʻrinib turgan daraxt shoxlarida pishgan marvariddek tutni koʻrib, birdan esladi. Oʻzining otasidan qolgan qadrdon uyi, onasi qoʻllari bilan ekkan oʻsha tut daraxti. Allohga shukr, tut pishigʻiga yetibman, yuzinchi bahorni qarshilabman» dedi ohista pichirlab. Shunda bugun koʻrgan tushi yodiga tushdi. Quloqlari ostida snaryadning portlagan tovushi, qaqshatqich janglarda birga oʻsgan, birga armiyaga chaqirilgan qadrdon doʻstining koʻksini dushman oʻqi teshib oʻtgani va uning “doʻstim, men uchun ham yasha” deb jon bergani koʻz oʻngidan oʻtdi.

— Dadajon, sizga nima boʻldi, doʻxtir chaqiraymi? — dedi oʻgʻli undan xavotirlanib.

— Yoʻq, bolam, bu dardni doʻxtir davolay olmaydi, bu dard yurakka tigʻ boʻlib qadalib yotibdi. Jangda yoʻqotgan doʻstim tushimga kiribdi. “Men uchun ham yasha, doʻstim” degan gapi yuragimda armon boʻlib qolgan. Uni mendan ayirgan urushga laʼnatlar boʻlsin! Axir u bilan yigitlikning eng shirin damlarini kechirgan edik. Orzulari juda moʻl edi, urushdan qaytib kelib, Malohat degan qizga uylanmoqchi edi. Hamma orzularini bir daydi oʻq barbod qildi-ya.

— Bilasanmi, bolam, urushdan qaytganimda uning onasi meni quchoqlab, «oʻgʻlim qani, sen bilan birga ketgan edi-ku, nega u qaytmadi» deb aytgan gaplariga javob bera olmaganman. Axir onaga oʻgʻlingiz halok boʻldi, degan gapni aytib boʻladimi? Ona boyaqish yolgʻiz oʻgʻlini umrining soʻnggi kunigacha kutdi. Qazosi oldidan “oʻgʻlim kelsa, shu uy uniki ekanini aytinglar, sandiqda toʻyiga atab tikka narsalarim turibdi” deb aytganiga chidab tura olmaganman.

— Bolam, dedi Mirza bobo, — oʻgʻlining kiftiga titrab turgan barmoqlarini bosib. — Tut pishigʻiga yetdim, 100 yoshga qadam qoʻydim. Faqat oʻzim uchun emas, doʻstim uchun ham yashayapman. Dunyoga uning koʻzlari bilan ham boqyapman, bugungi dorilamon kunlar qanchalik qadrli ekanini uning ruhi menga eslatib turadi.

Kasbi tumanidagi Maymanoq qishlogʻida keksalik gashtini surayotgan Mirza Bobo Joʻrayev 1942-1943-yillarda ikkinchi jahon urushida Smolensk va Stalingrad frontida fashistlarga qarshi janglarda ishtirok etgan. Qaqshatqich janglarning birida oʻng yelkasidan jarohat olgan. 1943-yilda yurtiga qaytgach, oʻqituvchilik kasbini davom ettirdi, sirtdan oliy oʻquv yurtida oʻqidi. Shu tariqa u 60 yil yoshlarga boshlangʻich taʼlim fanidan saboq berdi. Otaxon 4 oʻgʻil, 3 qizni tarbiyalab voyaga yetkazgan. Nevara-chevaralari 100 nafardan koʻp. Bobo egizak nabiralar — Hasan va Zuhrani bir kun koʻrmasa sogʻinib qoladi. Nabiralar ham bobosi hurmatini joyiga qoʻyishadi.

100 yoshga kirgan oʻqituvchi, ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Mirza bobo Joʻrayevni yoʻqlab keluvchilar juda koʻp. Ularning aksariyati oʻzi harf oʻrgatgan shogirdlaridir. Mana, bugun ham otaxonning hovlisi farzandlar, nabiralar, shogirdlar va mahalliy hokimlik vakillari bilan gavjum boʻldi. Otaxonga Prezidentimizning “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini ragʻbatlantirish toʻgʻrisida”gi farmoni asosida 12 million soʻm miqdorida pul mukofoti berildi, Prezidentimizning tabrigi oʻqib eshittirildi. Mirza bobo Yurtboshini alqab, qoʻlini duoga ochdi, yurtga tinchlik, qut-baraka tiladi.

Faxriddin Bozorov,
“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер