“Men gʻolib”da kim gʻolib?

14:47 21 Avgust 2019 Jamiyat
2257 0

Mudofaa vazirligi qoʻshinlarida oʻtkazilayotgan “Men gʻolib” shiori ostidagi tanlov bugun har bir harbiy xizmatchini yangi marralar sari chorlab, kasbiy mahorati, bilim va koʻnikmalarini oshirishga undovchi kuch boʻlib xizmat qilmoqda.

Toifalangan obyektlarni qoʻriqlash qoʻshinlarida mazkur shior ostida oʻtkazilgan “Eng ilgʻor pulemyotchi” tanlovining qoʻmondonlik bosqichi ishtirokchilari ham “Men albatta gʻolib boʻlaman” degan niyat va shijoat bilan oʻzaro bellashdilar. Bu haqda ushbu qoʻshinlar qoʻmondonligi matbuot xizmati xabar berdi.

Tanlov, Navoiy shahrida joylashgan harbiy qismda oʻtkazilib, unda Toshkent, Fargʻona, Navoiy, Qarshi shaharlaridan, shuningdek Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi boʻlinmalardan kelgan pulemyotchi mutaxassislar ishtirok etdi. 

Tanlovning nazariy bosqichida qatnashchilar biletlar asosida, 30 daqiqa ichida otish, taktik, maʼnaviy-maʼrifiy tayyorgarlik va Umumharbiy nizomlar boʻyicha savollarga javob bergan boʻlsalar, amaliy bosqichda ular 7,62 mm.i PKMdan nishonlarga oʻq otish, taktik, ommaviy qirgʻin qurollaridan himoyalanish va jismoniy tayyorgarlik kabi fanlardan uchtadan meʼyorlarni bajardilar.

Qizgʻin va murosasiz kechgan bellashuvlar natijalariga koʻra, shartnoma boʻyicha harbiy xizmatchi, oddiy askar Dilshodbek Pardaboyev faxrli birinchi oʻringa munosib deb topilib, tanlov gʻolibi boʻldi. 2-oʻrin katta serjant Oʻktam Boboyevga, 3-oʻrin esa shartnoma boʻyicha harbiy xizmatchi, oddiy askar Muhriddin Norsoatovga nasib etdi.

Gʻoliblar faxriy yorliq va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandilar.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер