Men 83 yoshimda hujjatli bo‘ldim – narpaylik Mukar aya
Foto: “Xalq so‘zi”
-Yoshim 83 da. Uzoq yillardan beri “Qachon mening ham pasportim bo‘lar ekan, qachon bu muammolardan qutularkanman?”, deb keldim. Chunki shu paytgacha na tug‘ilganlik haqidagi guvohnomam va na pasportim bor edi. Bu esa pensiya olishimda ko‘p muammolarga sabab bo‘lardi. Afsuski, sog‘lig‘im, qarichilik tufayli bu muammolarni vaqtida hal qilolmadim, - deydi Samarqand viloyati Narpay tumani “Haqiqat” mahallasida yashovchi Mukar aya Kiranova.
Onaxonning yaqinlari murojaatidan so‘ng ushbu masala hamkor tashkilotlar ko‘magida Narpay tuman FHDYO bo‘limi tomonidan o‘rganib chiqildi. Dastlab mahalla fuqarolar yig‘ini masʼullari bilan surishtiruv ishlari olib borildi. Onaxonning yaqin qarindoshlari va tegishli tashkilotlar yordamida zarur maʼlumotlar to‘plandi. Shunga asosan tug‘ilganlik holatiga doir dalillarga aniqlik kiritilib, tuman FHDYO bo‘limi tomonidan Mukar Kiranovaning tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomasi rasmiylashtirildi.
-Guvohnomamni uyga olib kelib berishdi. Bundan boshim osmonga yetdi. Endilikda bolalarim pasport olib berishadi, -deydi Mukar aya quvonch bilan.
A. Yo‘ldoshev, “Xalq so‘zi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring