“Mehribon yurak” larga ming bora rahmat!
Navoiylik yoshlarning “Mehribon yurak” mega aksiyasi yodingizdami?!.
Ushbu aksiya Respublika Yoshlar ittifoqi Navoiy viloyati Kengashi tashabbusi bilan Navoiy viloyat hokimligi hamkorligida boshlanib, turli koʻrinishdagi yurak xastaligidan aziyat chekayotgan 300 nafarga yaqin bolani viloyatda davolash, zarur boʻlsa jarrohlik amaliyoti oʻtkazish maqsadida tashkil etilgan edi. Undan jamgʻarilgan homiylik mablagʻlari yurak xastaligiga chalingan bolalarni jarrohlik operatsiyasiga tayyorlash hamda undan keyingi muolajalarga yoʻnaltirilib, operatsiyaning oʻzini esa mutlaqo bepul amalga oshirish belgilangan edi.

Aksiya doirasida viloyatda ixtiyoriy donorlik, yaʼni begʻaraz qon topshirish, bemor bolalarni operatsiya oldi tibbiy koʻrigidan oʻtkazish va unga tayyorlash hamda boshqa bir qator tadbirlar oʻtkazildi.
- Mazkur aksiyamiz keng jamoatchilikni befarq qoldirmayotganligi quvonarli hol, - deydi ittifoqning Navoiy viloyat Kengashi rahbari Jamshid Xodjayev. – Unda yirik tadbirkorlik subyektlari bilan bir qatorda xorijda taʼlim olayotgan yoshlarimiz, mehnat qilayotgan vatandoshlarimiz ham ishtirok etishmoqda. Kuni kecha ismi sharifi oshkor etilmasligi sharti bilan navoiylik tadbirkor 50 million soʻm mablagʻi bilan mazkur aksiyaga oʻzining hissasini qoʻshdi. Muhimi, aksiya ezgulik, mehr-oqibat kabi xalqimizning azaliy qadriyatlarini yana bir bor harakatga keltirdi.
Mazkur aksiya doirasida joriy yil nihoyasiga qadar sakkiz nafar bola yuragida murakkab jarrohlik operatsiyasini oʻtkazish belgilangan edi. Kuni kecha ulardan ikki nafari viloyat koʻp tarmoqli tibbiyot markazida AIK sunʼiy qon aylantirish apparati yordamida operatsiya qilindi.

- Birinchi galda zudlik bilan operatsiya qilish zarur boʻlgan bolalar aniqlandi, - deydi markaz bosh shifokori Murod Ahmedov. – Chunki mazkur xastaliklarda nafaqat har bir kun balki har bir soat gʻanimat.
Taʼkidlash joizki, viloyatdagi ushbu ilk jarrohlik amaliyoti kam taʼminlanganlar va ularning farzandlari uchun bepul amalga oshirildi.

- Farzandim tugʻma yurak nuqsonidan aziyat chekardi, - deydi nurotalik Amriddinning onasi Munavvar Eramboyeva. –Biroq oilaviy sharoitimiz operatsiya qilishga imkon bermasdi. Dori-darmon bilan bir ilojini qilib, jon hovuchlab yashardik. Ming qatla shukur, mana operatsiya muvaffaqiyatli oʻtdi. Endi yana bir oy vrachlar nazoratida turib, undan keyin bemorlar roʻyxatidan chiqarilar ekan. “Mehribon yurak”largaming marta rahmat!
Temur ESHBOYEV,
(“Xalq soʻzi”).
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring