Mehr qolur, muhabbat qolur: Bugun Oʻzbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf tavallud topgan kun

14:22 26 Aprel 2020 Madaniyat
14622 0

Vatan haqida aytilgan birgina olovli soʻz qalbni larzaga solishi, mudroq tuygʻularni uygʻotishi mumkin.

Shoirlar bor, adiblar bor – ona zaminni, ota tuproqni shunday yoniq qalb, yoniq misralar bilan taʼriflaydilar. Ularning yozganlarida haroratni tuyasiz. Muhammad Yusuf ana shunday betakror ijodkor edi. U oʻtli misralari bilan millionlab qalblarda Vatan suratini chiza oldi. Shoir oʻz sheʼrida “Mehr qolur, muhabbat qolur” deya eʼtirof etgani bugun oʻz isbotini topayotganday. Uning mehr va muhabbat toʻla ulkan sheʼriyati yetti yoshdan yetmish yoshgacha boʻlgan sheʼrxonlar tilidan tushmaydi, dillarida aks sado berib turibdi.

Iqror

O, ota makonim.

Onajon oʻlkam,

Oʻzbekiston, jonim toʻshay soyangga.

Senday mehribon yoʻq,

Seningdek koʻrkam.

Rimni alishmasman bedapoyanga.

Bir goʻsha suv boʻlsa, bir goʻsha qirlar,

Qancha yurtni koʻrdim, qancha taqdirlar.

Qayga borsam suyab, boshni tik tut deb,

Togʻlaring ortimdan ergashib yurar.

Koʻrdim suluvlarning eng faranglarin.

Yo xudbinman men, yo bir sodda kasman men –

Parijning eng goʻzal restoranlarin,

Bitta tandiringga alishmasman men.

Na gapga koʻnayin,

Na til bilayin,

Koʻzdan uyqu qochdi, dildan halovat —

Uch kunda sogʻinsam nima qilayin,

Chala qolar boʻldi hamma sayohat.

Bildimki, baridan ulugʻim oʻzing,

Bildimki, yaqini shu tuproq menga.

Bahorda Baxmalda tugʻilgan qoʻzing,

Arab ohusidan azizroq menga.

Sen bilan oʻtgan har kun bayram — bazm,

Sensiz bir on qolsam vahmim keladi.

Seni bilganlarga qilaman taʼzim,

Seni bilmaslarga rahmim keladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер