Mehr-oqibat va qadr-qimmat bayrami

17:29 13 Mart 2023 Jamiyat
999 0

Foto: Xalq so‘zi

Fargʻona shahridagi «Afrosiyob» tantanalar majmuasida anʼanaviy «Uch avlod uchrashuvi» maʼnaviy-maʼrifiy bayram tadbiri boʻlib oʻtdi. Tadbirga shahar va tumanlardan ibratli oila sohiblari, nuroniy otaxon va onaxonlar, mehnat faxriylari hamda navqiron avlod vakillari taklif etildi.

Tantanada Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov barchani yaqinlashib kelayotgan Navroʻzi olam bilan samimiy qutlab, ezgu tilaklar bildirdi. Xalqimizga xos milliy qadriyat va anʼanalarni koʻz qorachigʻidek asrash va keng targʻib etishda «Uch avlod uchrashuvi» singari maʼrifiy suhbatlarning ahamiyati beqiyos ekanligini taʼkidladi.

— Muhtaram Prezidentimiz tashabbusi «Inson qadri ulugʻ» tamoyili asosida mamlakatimizda har bir oilaga, insonga alohida eʼtibor va mehr koʻrsatilayotgani gʻoyatda quvonarlidir, — deydi Oʻzbekiston Qahramoni, mehnat faxriysi Botir Temirov. — Uch avlod uchrashuvlari keyingi yillarda shirin diydor, qadr-qimmat bayramiga aylanib ulgurdi. Oʻzaro mehr-oqibatni ulugʻlovchi bunday muloqotlar doimiy ravishda oʻtkazib borilishi zarur.

Bir piyola choy ustidagi maroqli suhbat davomida faxriylarga viloyat hokimligining esdalik sovgʻalari topshirildi. Viloyat sanʼat ustalari, yosh isteʼdodlar ishtirokida gala-konsert va teatrlashtirilgan bayram tomoshasi tadbirga yanada fayz baxsh etdi.

Xorazm viloyatida koʻp yillik fidokorona mehnati bilan el-yurt hurmatini qozongan nuroniylar, Yangi Oʻzbekiston taraqqiyotiga munosib hissa qoʻshib kelayotgan oʻrta avlod vakillari hamda faol yoshlar ishtirokida oʻtgan «Uch avlod uchrashuvi» esa Xiva shahrida «Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasida tashkil qilingan koʻchat ekish tadbiri bilan boshlandi.

Uchrashuv Urganch shahrida bir piyola choy ustida dildan suhbatlar bilan davom etdi. Unda viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Joʻrabek Rahimov soʻzga chiqib, mamlakatimizda inson manfaatlari yoʻlida olib borilayotgan keng qamrovli islohotlar va tub oʻzgarishlar haqida toʻxtaldilar.

Shu zaminda tugʻilib, halol mehnati bilan xalqimiz eʼzozi, davlatimiz eʼtiboriga sazovor boʻlgan eldoshlarimizning hayot yoʻllari haqidagi tarixiy videolavhalar ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi. Viloyat sanʼat ustalari ijrosidagi madaniy dastur barchaga xush kayfiyat bagʻishladi.

Botir MADIYOROV,

Odilbek ODAMBOYEV, «Xalq soʻzi».

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер