Mehnatsevar odam oilasida baraka boʻladi — Gʻiyosjon Isayev
Quvasoy shahridagi “Doʻstlik” mahalla fuqarolar yigʻini hududida 3160 nafardan ziyod aholi istiqomat qiladi. Bu yerda aholi bandligini taʼminlash, tadbirkorlik muhitini yaxshilashga qaratilgan saʼy-harakatlar tufayli quvonarli yutuqlarga erishilyapti.
— Bugungi kunda bizda 54 nafar tadbirkor samarali faoliyat koʻrsatmoqda. Birgina mebelchilikka ixtisoslashgan kichik korxonada 20 dan ortiq ish oʻrinlari yaratilgan, — deydi “Doʻstlik” MFY raisi Gʻiyosjon Isayev. — Shuningdek, bogʻdorchilik, chorvachilik, parrandachilik hududimizning drayveri sifatida belgilangan. Shu tariqa uddaburon oilalar oʻzini oʻzi band etib, roʻzgʻoriga baraka olib kirmoqda.

Mavjuda Junaydullayeva oʻtgan yili bahorda 3 ta quyon sotib olib, mehr bilan parvarishlashga kirishgan edi. Oʻtgan qisqa fursatda quyonlari bosh soni 60 taga yetdi. Fayzli oila bekasining qayd etishicha, quyonchilik kam mablagʻ sarflab, yaxshi daromad olsa boʻladigan tadbirkorlik hisoblanadi. Daromadi ham yaxshi, roʻzgʻorga baraka olib keladi.
Mahallada tadbirkorlik, dehqonchilik kabi yumushlar ortidan farovon hayot kechirayotgan oilalar soni yildan yilga koʻpayib borayotgani eʼtiborga sazovor.
Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring