“Media haftalik”: Termizda yilning eng yirik media loyihasi oʻtkazilmoqda
Surxondaryo viloyatida ommaviy axborot vositalari va media sohasi vakillarini bir maydonda jamlagan, yangi bilim va tajribalar almashinuviga yoʻl ochuvchi amaliy tadbir — “Media haftalik” oʻz ishini boshladi.
Termiz tumanida joylashgan “Termiz xalqaro savdo markazi” erkin savdo zonasi bu safar ommaviy axborot vositalari xodimlari, blogerlar hamda davlat idoralari matbuot kotiblarini bir maqsad yoʻlida birlashtirdi. Ushbu “Media haftalik” 13-apreldan 17-aprelga qadar davom etadi.

— Haftalik nafaqat oʻquv mashgʻulotlari, balki amaliy muloqot va hamkorlik maydoni sifatida ham muhim ahamiyat kasb etmoqda, — deydi Surxondaryo viloyati hokimligi axborot xizmati rahbari Murodbek Davlatov. — Tadbir zamonaviy mediamakonda yuz berayotgan oʻzgarishlarga moslashish, kasbiy salohiyatni oshirish hamda sohadagi turli yoʻnalishlar oʻrtasida tajriba almashish uchun qulay muhit yaratishni maqsad qilgani bilan ham ahamiyatlidir.
Dastur doirasida ishtirokchilar uchun bir qator dolzarb mavzularda trening va maʼruzalar tashkil etilmoqda. Jumladan, kontent yaratish jarayonlari, bosma ommaviy axborot vositalarida uchrayotgan amaliyot va muammolar, operatorlik ishining ijodiy jarayondagi oʻrni, shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda mahalliy va xalqaro media tashkilotlarning tajribalari tahlil qilinmoqda. Shu bilan birga, ishtirokchilar oʻz faoliyatini baholash va rivojlantirish maqsadida SWOT tahlil usuli bilan ham tanishmoqda.

Mazkur loyiha Kontent markazi, Yoshlar ishlari agentligi hamda Surxondaryo viloyati hokimligi hamkorligida tashkil etilgan boʻlib, unda turli yoʻnalishlarda faoliyat yuritayotgan media vakillari uchun alohida oʻquv yoʻnalishlari ishlab chiqilgan. Internet nashrlari, televideniye, bosma matbuot, davlat tashkilotlari axborot xizmatlari va blogerlar uchun moʻljallangan mashgʻulotlar bir-biridan farqli formatda olib borilmoqda.
Soʻnggi yillarda global axborot makonida tezkor oʻzgarishlar, sunʼiy intellekt texnologiyalarining keng joriy etilishi, ijtimoiy tarmoqlar taʼsirining ortishi hamda feyk axborotlar oqimi mediasohada yangi yondashuvlarni talab etmoqda. Shu nuqtayi nazardan, “Media haftalik” ishtirokchilarga zamonaviy sharoitlarda ishlash, axborotni tekshirish, raqamli madaniyat va strategik kommunikatsiyalar boʻyicha bilimlarini boyitish imkonini bermoqda.

Treninglar davomida tajribali mutaxassislar tomonidan kontent tayyorlashning zamonaviy usullari, faktlarni tekshirish tamoyillari, ijtimoiy tarmoqlarda samarali ishlash yoʻllari hamda auditoriya bilan toʻgʻri muloqot oʻrnatish masalalari atroflicha yoritilmoqda. Shuningdek, real vaziyatlar asosida tahlillar oʻtkazilib, ishtirokchilar amaliyotda uchraydigan muammolarni hal qilish boʻyicha koʻnikmalarini mustahkamlamoqda.
Loyiha doirasida har bir ishtirokchi oʻz yoʻnalishi boʻyicha yangi yondashuvlarni sinab koʻrish, kasbiy xatolarni tahlil qilish va ularni bartaraf etish usullarini oʻrganish imkoniyatiga ega boʻlmoqda. Tadbir yakunida faol ishtirok etganlarga maxsus sertifikatlar topshirilishi rejalashtirilgan.

Haftalik yakunida esa Surxondaryo mediasoha vakillarini birlashtiradigan yirik forum tashkil etilishi koʻzda tutilgan. Ushbu forum kelgusidagi hamkorliklarni mustahkamlash, yangi loyihalarni muhokama qilish va hududiy mediamakonni rivojlantirishda muhim qadam boʻlib xizmat qilishi shubhasiz.
Farhod ESONOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring