“Media haftalik” — media sohasidagi yirik loyiha boshlandi
Mamlakatimizda global axborot makonidagi tezkor oʻzgarishlar, ijtimoiy tarmoqlar va sunʼiy intellekt texnologiyalarining rivojlanishi sharoitida media sohasi vakillaridan zamonaviy yondashuvlar talab etilmoqda. Shu nuqtayi nazardan, respublika miqyosida jurnalistlar, blogerlar va matbuot kotiblarini birlashtiruvchi yirik taʼlimiy-amaliy loyiha — “Media haftalik” oʻz ishini boshladi.
Loyihaning ilk bosqichi 30-mart kuni Qoraqalpogʻiston Respublikasida start oldi. Nukus shahridagi “Oq qush” majmuasida oʻtkazilayotgan mashgʻulotlarda ishtirokchilar real keyslar asosida ishlash, xatolarni tahlil qilish va yangi yondashuvlarni shakllantirish imkoniyatiga ega boʻlmoqda.
Haftalik doirasida jurnalistlar, blogerlar, matbuot kotiblari va media sohasi vakillari uchun sessiyalar tashkil etilmoqda. Ularda kontent yaratish, matn va vizual formatlar, axborot xavfsizligi, strategik kommunikatsiya, media menejment, SMM hamda sunʼiy intellektdan foydalanish kabi yoʻnalishlar qamrab olingan.

Trening va mahorat darslari davomida ishtirokchilar nazariy bilimlar bilan birga amaliy keyslar asosida ishlash, tahlil qilish va yangi yondashuvlarni shakllantirish imkoniga ega boʻlmoqda. Shuningdek, ochiq muloqotlar va fikr almashinuvlar ham tashkil etilmoqda.
Eʼtiborlisi, “Xalq soʻzi” va “Народное слово” gazetalarining Qoraqalpogʻistondagi muxbirlari ham ushbu media haftalikda ishtirok etib, tajribalarini oshirishmoqda.
Maʼlumot uchun ushbu loyiha Kontent markazi tomonidan hamkor tashkilotlar bilan birgalikda amalga oshirilib, butun respublika boʻylab qariyb 12,5 ming nafar ishtirokchini qamrab olishni koʻzda tutadi. Dastur doirasida joriy yilning 30-martdan 26-iyuniga qadar har bir hududda 5 kunlik intensiv oʻquv-seminarlar va mahorat darslari tashkil etiladi.
Gʻayrat Otajonov, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring