MDH Bosh kotibi Sergey Lebedev boshchiligidagi kuzatuvchilar missiyasi mamlakatimizga keldi
Markaziy saylov komissiyasi taklifiga binoan 30-aprel kuni boʻlib oʻtadigan referendumga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish jarayonlarini kuzatib borish maqsadida Mustaqil davlatlar hamdoʻstligi (MDH) Bosh kotibi Sergey Lebedev boshchiligidagi MDH kuzatuvchilari missiyasi mamlakatimizga tashrif buyurdi.
Bugun Markaziy saylov komissiyasi Raisi Zayniddin Nizomxoʻjayevning referendumni kuzatish boʻyicha MDH kuzatuvchilari missiyasi rahbari Sergey Lebedev bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi.
Uchrashuvda 30-aprel kuni oʻtkaziladigan referendumga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish qonunchilik talablari va demokratik prinsiplarga muvofiq amalga oshirilayotgani maʼlum qilindi.
Shuningdek, S. Lebedov referendum jarayonlarini kuzatish boʻyicha MDH kuzatuvchilari missiyasi aʼzolari tarkibi, kuzatuvchilarning mamlakatimizda faoliyat olib borish tartibi boʻyicha maʼlumotlar berib oʻtdi.
Taʼkidlanishicha, missiya tarkibi tuzilmaga aʼzo davlatlarning qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi hamda saylov organlari, shuningdek, MDH hududida faoliyat yurituvchi Hamdoʻstlik organlari va integratsiya birlashmalari vakillaridan iborat tashkil topgan. MDH kuzatuvchilari missiyasi tomonidan referendum milliy qonunchilikka va davlatimizning xalqaro majburiyatlariga muvofiqligi toʻgʻrisida bayonot tayyorlanadi.
MDH kuzatuvchilari missiyasi Oʻzbekistonga tashrifi mobaynida respublikamizning bir qator referendum uchastkalarida boʻlib, referendum yuzasidan oʻzining tegishli xulosalari va tavsiyalarini berishni rejalashtirgan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring