Matonatli muallim mahorati
Dard soʻrab turmaydi, deyishganicha bor. Shusiz ham qoʻltiqtayoqqa tayanib universitetga kelayotgan, mashgʻulotlarga faol qatnashayotgan talabaning sogʻligi yomonlashdi. Oyoqlari butkul ishlamay qoldi. Endi u ikki yoʻldan birini tanlashga majbur edi. Oʻqishdan voz kechay desa ilmli boʻlish orzusi armonga aylanadi. Voz kechmay desa oyoq qurgʻur pand beryapti. Shunda unga kursdoshlari, ustozlari koʻmakka keldi. Yigit ular yordamida universitetga nogironlik aravachasida qatnay boshladi. Va nihoyat niyatiga yetdi. Oliy maʼlumotli boʻldi.
Gap Shofirkon tumanidagi Joʻshoʻra qishlogʻida yashovchi imkoniyati cheklangan Doniyor Gʻaybullayev haqida bormoqda.
— Buxoro davlat universitetida birgalikda tahsil olgan kursdoshlarim hamda ustozlardan benihoya minnatdorman, — deydi u. — Ular meni aslo yolgʻizlatib qoʻyishmadi.
Qadrdon qishlogʻiga qaytgan Doniyor repetitorlik bilan shugʻullanish fikriga keldi. Lekin uyda buning uchun shart-sharoit qayda, deysiz?
— Oʻshanda bir oʻquvchi bilan ish boshlagandim, — deya eslaydi qahramonimiz. — Koʻrpacha ustida mashgʻulot oʻtardim. Uyimiz tomi shifer qilinmagandi. Yogʻin-sochinli kunlarda yuragimni hovuchlab turardim. Negaki, tomdan chakki oʻtardi. Ayniqsa, qishda qiyin boʻlardi. Xonani qoʻlbola pechda koʻmir, tarasha yoqib isitardik. Chiroq oʻchib qolgan paytlarda sham yorugʻida mashgʻulot oʻtishimga ham toʻgʻri kelgan. Vaqt oʻtgan sayin matematika va mental arifmetikadan saboq olish niyatidagi shogirdlarim soni koʻpaya bordi. Joy esa tor edi.
Imkoniyati cheklanganiga qaramay oʻgʻil-qizlarga zamonaviy fan sirlarini qunt bilan oʻrgatayotgan Doniyor Gʻaybullayevning nomi yon-atrofga ovoza boʻldi. Mahalla ijtimoiy xizmat xodimi vositasida bu zahmatkash pedagogning muammolari oʻrganildi. Pirovardida ijtimoiy himoya milliy agentligi viloyat boshqarmasi tashabbusi bilan oʻziga xos loyiha amalga oshirildi. Doniyor uchun oʻquv markazi binosi qurib berildi. U doska, parta va boshqa zarur oʻquv qurollari bilan jihozlandi.
— Davlatimizdan minnatdorman, — deydi D. Gʻaybullayev. — Menga yordam qoʻlini choʻzganlardan ham. Oʻn yil avvalgi hayotim bilan hozirgisi oʻrtasida yer-u osmonchalik farq bor. Bilasizmi, ijtimoiy himoya tizimi menga oʻxshagan imkoniyati cheklanganlarning qalbiga yorugʻlik olib kirmoqda. Mana, bir misol. Ilgari mexanik aravacha vositasida harakatlanardim. Uni joyidan siljitishning oʻzi bir muammo edi. Elektron aravacha ajratilgach tashvishim yengillashdi. Hozir armonim yoʻq, deya baralla ayta olaman. Jamiyatga, odamlarga kerakligingni his etib yashashning gashti boʻlakcha.
— Bugina emas, Doniyor Gʻaybullayevning davolanishi uchun order ham berildi, — deydi Ijtimoiy himoya milliy agentligi viloyat boshqarmasi matbuot kotibi Zarnigor Nafiddinova. — “Barkamol avlod” bolalar markaziga ishga joylashtirildi. “Saxovat va koʻmak” jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan oʻzi va akasiga uy taʼmiri uchun moddiy yordam ajratildi. Turmush oʻrtogʻiga bola nafaqasi tayinlandi. Akasi rasmiy qarovchi etib belgilandi. Shogirdlariga kelsak, u bilim berishgina emas, balki sabr-toqati, mehnatsevarligi, qatʼiyati bilan ularga ibrat koʻrsatmoqda. Matonatli muallim oʻz mahorati bilan yoshlar ishtiyoqiga ishtiyoq qoʻshib, ularning oʻzlariga boʻlgan ishonchlarini mustahkamlayapti. Ana shular hisobga olingan holda u oʻtgan yilda “Faol tadbirkor” koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi.
Darvoqe, qatʼiyatli pedagogning mehnati oʻz samarasini koʻrsatmoqda. Uning oʻquv markazida tahsil olgan koʻplab oʻgʻil-qizlarni hozir Prezident maktabi oʻquvchilari qatorida koʻrish mumkin. Sabrina Asqarova, Suhrob Roʻziboyev, Mirshod Siddiqovga oʻxshagan tirishqoq shogirdlari esa matematika boʻyicha oʻtkazilgan respublika fan olimpiadasi gʻoliblaridan sanaladi. Ayni paytda chekka qishloqlarda yashovchi qirq nafardan ziyod oʻgʻil – qiz maktabdagi saboqdan soʻng Doniyor Gʻaybullayevning oʻquv markazida bilimlarini mustahkamlamoqda. Muallim oilaviy ahvolini hisobga olgan holda bu bolalarning ayrimlarini bepul oʻqitadi.
Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring