Maslahatli to‘y tarqamas, lekin...
Angren shahridagi Samarcho‘g‘ mahallasida istiqomat qiluvchi Abduvoris Abduvakilov o‘g‘lining nikoh to‘yini ixchamgina qilib — yaqin qarindoshlar, qo‘ni-qo‘shni ishtirokida, nari borsa, 120 kishi bilan o‘tkazmoqchi bo‘lganida, “maslahatchi”lar orasida “To‘ylarni ixchamlashtirish haqida hali biror-bir hujjat kuchga kirgani yo‘q-ku, shunday ekan, fursat borida dang‘illatib to‘y qilib qolmaysizmi?” deganlar ham bo‘ldi. Ammo u aytganini qildi — to‘yda ortiqcha dabdaba, isrofgarchiliklarga yo‘l qo‘ymadi. Ayoli va farzandining “orzu-havaslari”ga ham uchmadi. O‘ziga to‘q odamning kamtarona to‘yi mahallada duv-duv gap bo‘ldi. Yaxshi ma’noda, albatta.
Bunday misollar kuni kecha Toshkent viloyati hokimligida bo‘lib o‘tgan To‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazilishini tartibga solish yuzasidan jamoatchilik fikrini o‘rganish bo‘yicha Respublika ishchi guruhining kengaytirilgan yig‘ilishida ham ko‘plab keltirildi.
O‘ziga xos maslahat tusini olgan mazkur yig‘ilishda viloyatdagi tegishli davlat va jamoat tashkilotlari mutasaddilari, joylardagi Xotin-qizlar qo‘mitalari, Yoshlar ittifoqi, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari mas’ullari, nuroniylar, yoshlar, shuningdek, to‘y va marosimlarda xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashtirilgan tadbirkorlik sub’ektlari vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda so‘z olgan Oliy Majlis Senatining Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi raisi Zayniddin Nizamxodjayev, madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Ozodbek Nazarbekov va boshqalar to‘ylardagi dabdababozlik hamda haddidan oshishlar turli ko‘ngilsizliklarni keltirib chiqarayotgani, yoshlarimizni xalqimizga xos, olijanob qadriyatlar ruhida tarbiyalashga xalal berayotgani, to‘y xursandchilik emas, isrofgarchilik o‘chog‘i, oiladagi notinchlik, qarzga botishga sabab bo‘lib qolayotganini, shu boisdan ham, to‘ylarni ixchamlashtirish borasida davlatimiz rahbarining ayni vaqtida bildirgan fikr-mulohazalari barchaning dilidagi gap bo‘lgani, bunday sa’y-harakatlarni joylarda odamlar bajonidil qo‘llab-quvvatlayotganini ta’kidladilar.
Yig‘ilishda Oliy Majlis Senatining shu yil 30 martdagi qaroriga muvofiq, fuqarolardan kelib tushayotgan taklif va tavsiyalar, keng jamoatchilik fikri asosida to‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazilishini tartibga solishga doir nizom loyihasi ishlab chiqilgani, hududiy ishchi guruhlar joylarda mazkur loyiha bilan keng jamoatchilikni tanishtirishi, lozim ko‘rilsa, nizomni real, mantiqiy asosga ega taklif va mulohazalar bilan boyitishga amaliy hissa qo‘shishi zarurligiga urg‘u qaratildi. Shuningdek, ishlab chiqilayotgan hududiy nizomlarda har bir mintaqaning o‘ziga xos jihatlari inobatga olinishi darkorligi ham qayd etildi.
— Bunday ochiq muloqotlarni har bir hudud, har bir mahallada ko‘proq tashkil etib, odamlar ichiga chuqurroq kirib borishimiz kerak, — deydi Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha viloyat kengashi raisining diniy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Zulxumor Jo‘rayeva. — Turli “to‘yoldi” tadbirlarga barham berish, asl an’analarimiz va qadriyatlarimizga zid bo‘lgan, chetdan kirib kelayotgan odatlarga yo‘l qo‘ymasligimiz lozimligini odamlarimiz tushunib yetishlari, bu borada o‘zlarining asosli takliflarini bildirishlari juda muhim, deb hisoblaymiz.
Yig‘ilishda mazkur masala yuzasidan viloyat ishchi guruhining tarkibi tasdiqlandi hamda tuzilma zimmasiga belgilangan muddatda aholining fikr-mulohazalarini o‘rganish va tegishli takliflar ishlab chiqish hamda masala mohiyatini hududiy matbuotda keng targ‘ib qilish va takliflarni muhokama etish vazifalari yuklandi.
R. SHERALIYEV,
«Xalq so‘zi» muxbiri.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring