Markaziy Osiyodagi yagona gavhar
“Xalq soʻzi” tanloviga
Xorazmni qazsangiz agar,
Yer ostidan daryolar chiqar.
Xorazmni qazsangiz agar,
Yer ostidan dunyolar chiqar...
«Yer ostini qoʻying, Matnazar ogʻa, yer ustindagi dunyolarimizni asramaka noiloj, befarq duribmiz-ku!» Har gal shu satrlarga koʻzi tusharkan, Gavhar Durdiyeva Matnazar Abdulhakim bilan xayolan suhbat quradi. Uning koʻnglidagi azoblar, ogʻriqlarni shoir avvalroq ilgʻagandek goʻyo.
Mutaxassisligi boʻyicha quruvchi-muhandis, texnika fanlari nomzodi, arxitektura fanlari doktori, Xorazm Maʼmun akademiyasi ilmiy laboratoriyasi mudiri, UrDU professori, “Olima ayollar” kengashi raisi... Bu maqom, unvonlar ortida nozik xilqat, ha, koʻngli, jussasi nozigu yuragi, iroda-matonati metindek Ayol turibdi. Yoʻnalishi boʻyicha Markaziy Osiyoda yagona olima, jonkuyar senator, mehribon ona, vafoli yor... Bu sifatlar bir nozik vujudga ogʻirlik qilmasmikan? Yuk boʻlmasmikan?
Hayot yoʻllarida turli qiyofalar, kaftlar, nigohlar uchrashadi. Biroq koʻngil uchrashuvi, koʻngilga yaqin inson bilan diydorlashuv hech qachon yoddan chiqmas ekan. Dillar toʻqnashsa, tamomila boshqacha tuygʻu yuz ocharkan.
Xorazm Maʼmun akademiyasi. Delegatsiyamiz jamlangan xonaga boʻylari uzun, yuzida nur balqigan, chehrasi ochiq, nigohi teran, boshiga roʻmoli yarashiq, burniga koʻzoynak qoʻndirgan farishtaday ayol kirib keldi. Ovozi mayin, shirali, ammo soʻzlari dadil, shijoatli, koʻzlarida olov aks etgan bu inson butun boshli delegatsiyani ogʻziga qaratib, hang-mang qilib qoʻydi. Oʻttiz daqiqalik maʼruzasi tugadiyu, hammamizning koʻzimizdan yosh tirqiragan, koʻnglimiz allanechuk, dengizdagi kemadek qalqigan edi... Bizni bu darajada hayratga solgan ayol kim boʻldi? Qanday soʻzlar ila sehrlab qoʻygandi soʻz ahli — jurnalistlarni?
Nola tortib yuborajaksiz
Qorachiqdan chaqnab ziyolar.
«Yer ostiga nega ketdingiz,
Aziz daryo, aziz dunyolar?»
“Koʻz oʻngimizda bebaho dunyolarimiz — meʼmoriy obidalarimiz nurab bormoqda. Mana, ayrim tarixiy imoratlarni termit degan balo yeb bitirayotir. Qoraqalpogʻistondagi uch yil avvalgi paxsa devorlar hozir yoʻq. Nurab, mangulikka qarab ketayotir. Biz olim emasmiz, ana oʻsha buyuk meʼmoriy binolarni bunyod etganlar olim. Biz qanaqasiga turizmni rivojlantirish haqida gapirishimiz mumkin?! Holbuki, bu yoqda madaniy meroslarimizdan ayrilib borayapmiz...”. Bu qarshimizda turgan Gavhar Durdiyevaning nolalari, qorachiqdan chaqnagan ziyolari edi.
Shunday javob boʻlgaydir sizga
«Yoʻq! Ketmakchi emas erdik biz.
Sizlarning koʻp kirdikorlardan
Yer yorildi, yerga kirdik biz».
«Oldingi yillarda Ichanqalada joylashgan 5 metr balandlikdagi anʼanaviy uy termitdan zararlanib yiqildi, natijada ikki egizakning umriga zomin boʻldi. Biz shu mudhish manzaraga guvoh boʻlguncha, shu noxush holat yuz berguncha qoʻl qovushtirib oʻtirdik. Oʻsha daqiqagacha hech kim soʻzimni tinglagan emas edi. Mana, oʻsha ish sodir boʻldiyu, qidirib qolishdi. Bizga axir, shunday kattaroq, koʻzga koʻrinadiganroq fojialar kerakda!
Masjidni koʻtarib turgan 221 ustundan sakkiztasi ham ne boʻlib, Toshkentga borib qolgan. Menga mana shu savol ham tinchlik bermaydi. Kimning nima haqqi bor? Xudo kuch-quvvat, sogʻliq berib tursa, albatta, bu jumboqlarga yechim topaman».
Hali bir avlodlar kelgaydir
Nomingizdan tavbalar aytib.
Shunda, inshoolloh, hammamiz
Yer yuziga chiqurmiz qaytib!
Yigirma besh kishilik delegatsiyani mana shu hayqiriq, nido yigʻlatgandi. Biz eshitib koʻzimiz yoshlangan boʻlsa, Gavharjon Durdiyevaning koʻngli har kuni dam-badam qadimiy binolar devorlari bilan birga choʻkib, nurab borayotgandir? Qalbini xarsangdek bostirib turgan ogʻriqni yengib, oʻzida kuch topib, uncha-muncha erkak kishining qoʻlidan kelmas ishlarni mardona bajarayotganidan, haq gapni qoʻrqmay baralla aytayotganidan bir koʻrgandanoq hurmatimiz ham, hayratimiz ham oshdi.
Xususan, Orolboʻyi mintaqasida tarixiy meʼmoriy yodgorliklarni saqlash va taʼmirlash ishlari boʻyicha yetuk mutaxassis olima tashabbusi bilan innovatsiya granti doirasida Xorazm Maʼmun akademiyasi qoshida 2008-yili meʼmoriy yodgorliklardagi qadimiy xattotlik sanʼatini oʻrganish boʻyicha “Usta-shogird” maktabiga asos solindi. «Xorazm Maʼmun akademiyasining nodir qoʻlyozmalari» katalogi va “Xorazm meʼmoriy yodgorliklaridagi xattotlik namunalari” risolasi nashrga tayyorlandi.
10 yillik ilmiy tadqiqotlari asosida Oʻzbekiston qadimiy shaharlari oʻrtasida ilk bora Ichanqalʼadagi 54 ta meʼmoriy yodgorlikning bugungi kundagi texnik holatini baholash boʻyicha “Maʼlumotlar bazasi” shakllantirildi.
Umumjahon madaniy merosi roʻyxatiga kiritilgan Ichanqalʼa boʻyicha oʻtkazilgan seminarlardagi faol ishtiroki, obidalarni saqlash, taʼmirlash va targʻib qilish boʻyicha ishlab chiqilgan ilmiy tavsiyalari uchun 2017-yil 28-martda YUNESKO tashkiloti tomonidan G.Durdiyevaga tashakkurnoma yuborildi.
Markaziy Osiyodagi eng baland (50,5 metr) hisoblangan Islom Xoʻja minorasining zilzilabardoshlik xususiyatini oʻrganish uchun olima boshchiligida bir guruh loyiha ishtirokchilari 2017-yil 10-aprelda shu paytgacha ochilmagan minora poydevori va zamin qismidagi tuproq xususiyatlarini oʻrgandilar.
Hozirda Gavhar Durdiyeva rahbarligida yosh olimlar yoʻqolib borayotgan Qoraqalpogʻistonning paxsa va xom gʻisht meʼmoriy obidalari (qalʼalar, qoʻrgʻonlar, mudofaa devorlari va h.k.lar)ning bugungi kundagi texnik holatini aniqlashmoqda, ular boʻyicha axborotlar banki shakllantirildi. Shuningdek, 2010-yildan OʻzR FA Yadro fizika instituti ilmiy xodimlari bilan oʻzaro hamkorlik yoʻlga qoʻyildi. Natijada, qadimiy meʼmoriy obidalarning qurilish materiallari tarkibi va strukturasi “neytron-aktivatsion tahlil” uslubi orqali aniqlanmoqda.
Gavharjon Durdiyevaning saʼy-harakatlari, izlanish-intilishlari besamar ketmadi. Avvalo, Orolboʻyi mintaqasi, jumladan, Xiva tumanidagi tarixiy meʼmoriy yodgorliklarning umrboqiyligini taʼminlashga hissa qoʻshib kelmoqda. Nafaqat Xorazm, balki mamlakatimiz ilmiy jamoatchiligi orasida yuksak hurmat-eʼtibor topdi. Davlatimiz tomonidan ham munosib ehtirom koʻrsatilmoqda. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 25 yilligi munosabati bilan “Koʻkrak nishoni” hamda 2019-yili “Doʻstlik” ordeni topshirildi. 2000-yilda Oʻzbekiston Respublikasi “Oltin Meros” jamgʻarmasining laureati boʻldi. 2017-yili “Yil ayoli” tanlovining “Eng bilimli ayol” nominatsiyasiga loyiq koʻrildi. 2020-yilda esa Xorazm viloyati xalq deputatlari kengashiga saylandi.
U ilm-fan, jamoatchilik ishlarida faollik, jonbozlik koʻrsatgani holda avvalo, ayol, uy bekasi, ona ekanini bir lahza boʻlsin, unutmadi. Turmush oʻrtogʻi Odilbek Zargarov Gavharjon opaga ham ishda, ham uyda yelkadosh. Ikkisi ham Xorazm Maʼmun akademiyasida faoliyat yuritadi, kezi kelganda bir-birini qoʻllab-quvvatlaydi, kezi kelganda bir-birini toʻldiradi. “Mening olima boʻlishimda turmush oʻrtogʻimning menga yaratgan sharoitlari, meni tushunishi, qoʻllab-quvvatlashi, bir soʻz bilan aytganda, u kishining oʻrni beqiyos. Bir ayol, rafiqa, olima sifatida ulardan minnatdorman”, deydi Gavhar opa. Ikkisi bir boʻlib farzandlari tarbiyasi, bilim olishiga alohida eʼtibor berishdi. Toʻngʻich oʻgʻli Polvonnazir IT sohasida, kenja oʻgʻli Temurbek yoʻl qurilishi boʻyicha mutaxassis. Qizi Nafisa esa Kamoliddin Behzod nomidagi Rassomchilik va sanʼat instituti magistri.
Soʻzimni sevimli shoirim Matnazar Abdulhakimga muxammas bogʻlagancha yakunlasam deyman:
Xorazmni qazish shart emas,
Kaftimizda duribdi gavhar.
Xorazmni qazish shart emas,
Yer ustinda yuribdi Gavhar!
Sevara ALIJONOVA,
jurnalist
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring