Markaziy Osiyo va Xitoy savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirmoqda

01:22 20 Aprel 2023 Siyosat
828 0

Joriy yilning 18-aprel kuni Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov videokonferensiya tarzida “Markaziy Osiyo – Xitoy” tashqi iqtisodiy va tashqi savdo faoliyatiga masʼul vazirlarning birinchi yigʻilishida ishtirok etdi.

Suhbat chogʻida Markaziy Osiyo mintaqasi mamlakatlari bilan XXR oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikning bugungi holati va uni yanada rivojlantirish istiqbollari, jumladan, savdo tartib-taomillarini erkinlashtirish va soddalashtirish, investitsiyalarni jalb qilish, koʻp tomonlama savdo tizimini kengaytirish, mahsulotlarni oʻzaro yetkazib berish hajmini oshirish, raqamli iqtisodiyotni joriy etish, transport infratuzilmasini rivojlantirish, hududlararo hamkorlikni mustahkamlash toʻgʻrisida fikr almashildi.

Laziz Kudratov oʻz nutqida “Markaziy Osiyo – Xitoy” mintaqasining ulkan tranzit salohiyatidan samarali foydalanish muhimligini, shuningdek, yuk tashishning uzluksizligini taʼminlash va transchegaraviy logistika tarmoqlarini rivojlantirish boʻyicha tizimli yechimlarni ishlab chiqish zarurligini taʼkidladi.

Hududlararo rivojlanishni chuqurlashtirish boʻyicha ishlarni davom ettirish muhimligi taʼkidlandi. Shu nuqtayi nazardan, biznes hamjamiyatlari oʻrtasidagi hamkorlikni mustahkamlash va yangi oʻsish nuqtalarini kashf etish maqsadida joriy yilning ikkinchi yarmida Oʻzbekistonda Markaziy Osiyo davlatlari va Xitoy hududlari rahbarlarining forumini oʻtkazish taklif etildi.

Raqamli savdoni kengaytirish doirasida oʻzaro hamkorlikni faollashtirish istiqbollari muhokama qilindi. “Raqamlashtirish davrida iqtisodiyot va savdoni rivojlantirish dasturi”ni ishlab chiqish tashabbusi ilgari surildi. Unda mintaqa mamlakatlari IT-parklari negizida “Intellektual Ipak yoʻli» qoʻshma platformasini yaratish koʻzda tutilgan.

Uchrashuv ishtirokchilari imzolanishi rejalashtirilgan savdo-iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash, shuningdek, “Xitoy – Markaziy Osiyo” doirasida raqamli savdo sohasida hamkorlik qilish boʻyicha memorandumlar muvaffaqiyatli kelishilganini mamnuniyat bilan qayd etdilar.

Uchrashuv yakunlari boʻyicha tomonlar Markaziy Osiyo davlatlari va Xitoyning iqtisodiy faoliyati ishtirokchilari uchun qulay shart-sharoitlar yaratish hamda Markaziy Osiyo davlatlari va XXR oʻrtasida sanoat, investitsiyalar, iqtisodiyot va savdo sohalarida oʻzaro manfaatli munosabatlarni yanada kengaytirishga qaratilgan oʻzaro hamkorlikni davom ettirish niyatlarini bildirdilar.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер