Markaz nega vazirlik tasarrufiga o‘tkazildi?

Prezidentimizning 2018 yil 19 apreldagi Farmoniga asosan “Yuqori texnologiyalar o‘quv-tajriba markazi” davlat korxonasi O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tasarrufiga o‘tkazilib, “Ilg‘or texnologiyalar markazi”ga aylantirildi.
Negaki, ham ilmiy jihatdan, ham infratuzilma nuqtai nazaridan noyob hisoblangan markazni moliyalashtirish yildan-yilga kamayib, bu esa, o‘z navbatida, kadrlar tanqisligi yuzaga chiqishiga, bino va noyob asbob-uskunalarni saqlashda qiyinchiliklarni keltirib chiqarayotgan edi. Qolaversa, markaz salohiyatidan tor doirada foydalanilar, faqat shu yergagina oid bo‘lgan loyihalar amalga oshirilar edi.
Muassasaning “Ilg‘or texnologiyalar markazi” sifatida faoliyat yuritishi esa tarmoqqa yangicha yondashilayotganidan dalolatdir. Chunki ayni shu tadbir orqali vazirlikka markaz ilmiy-tadqiqot ishlarini samarali shakllantirishni ta’minlash, ularning zamonaviy ilm-fan talablari va jahon yutuqlari darajasida chiqarish vazifasi yuklatildi. Shu bilan birga, bu yerda amaliy yo‘nalish va mahsuldorlikka katta e’tibor qaratiladi.
Bundan tashqari, mamlakatimiz ilmiy va ta’lim muassasalari olimlariga uning bazasida o‘z g‘oya hamda texnologiyalarini ishlab chiqish imkoniyati yaratiladi. Eng muhimi, ular kelajakda ishlab chiqarishning turli sohalariga tatbiq etiladi. Bu esa xalqaro ilmiy-texnik hamkorlik ishlarni jadallashtirib, investitsiyalarni jalb etishda qo‘l keladi.
D. ULUG‘MURODOV.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring