Marhamat tumanida Finlyandiya taʼlim uslubi xos muassasa barpo etilmoqda

11:03 23 Oktyabr 2023 Jamiyat
392 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Andijon viloyatining Marhamat tumanida taʼlimning Finlyandiya uslubini joriy etishga kirishildi. Buning uchun 29 milliard soʻmdan iborat loyiha asosida yangi taʼlim muassasasi barpo etilmoqda.

— Ushbu taʼlim maskani 550 oʻrinli boʻlib, u maktabgacha taʼlim tashkilotidan oliy taʼlimgacha boʻlgan bosqichni oʻzida qamrab oladi,—deydi tuman hokimining oʻrinbosari Dilxushbek Ismoilov. – Fan sinf xonalarining mavjudligi oʻquvchilarning chuqurlashtirilgan taʼlim olishlariga imkon beradi. Qolaversa, zamonaviy kasblardan biri boʻlmish marketing yoʻnalishida ham mashgʻulotlar olib boriladi. Ushbu taʼlim muassasasida oʻzlashtira olmaydigan oʻquvchi boʻlmaydi. Boisi, sinfdoshlaridan ortda qolayotgan oʻgʻil-qizlar bilan yakka tartibda shugʻullaniladi. Sport, madaniyat va taʼlim yoʻnalishida yuqori natijalarni qayd etgan oʻquvchilarga 10 foizdan — 100 foizgacha grantlar va hattoki keshbeklar berib boriladi.

“Yosh diplomatlar” MCHJ tomonidan taklif etilgan ushbu loyiha asosida qurilish ishlarini “Mustafo savdo qurilish” MCHJ bunyodkorlari olib borishmoqda. Muassasa qurib bitkazilgach, oʻquvchilar hatto yozgi taʼtil davrida ham taʼlimdan uzilib qolmaydi. Buning uchun “Taʼlim oʻyini” yozgi oromgohi tashkil etiladi va unda oʻquvchilarga interaktiv usulda taʼlim beriladi.

Bir soʻz bilan aytganda, Marhamat tumanida taʼlim sohasiga olib kirilayotgan yangicha yoʻnalish orqali farzandlarimizning bilimli boʻlib voyaga yetishlari uchun qulay ijodiy muhit yaratilmoqda.

Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер