Maqsad faqat aliment undirishdan iborat emas...

14:51 14 Fevral 2022 Jamiyat
879 0

Foto: Illustrativ foto

Yaqin-yaqin yillargacha bir oilaning parokanda boʻlishi va er-xotinning ajrashishi jamiyatimizda nisbatan kam kuzatilgan. Chunki qadriyatlarimizga koʻra oilani muqaddas deb bilish va unga darz yetkazishni fojia sanash koʻnikmamiz barcha maishiy muammolardan ustun edi. Bugun esa, afsuski, arzimas sababu bahonalar bilan ajrashib ketayotgan oilalarni shunchalar koʻp uchratyapmizki, ochigʻi, bunga qaysidir maʼnoda oʻrgandik ham. Oqibatda esa aro yoʻlda qolgan farzandlar murgʻak yuragida ketmas dogʻ paydo boʻlmoqda.

Koʻp hollarda onalari bilan qolayotgan farzandlarga otalar tomonidan moddiy taʼminotning koʻrsatilishini taʼminlash qonuniy mustahkamlab qoʻyilgan. Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 64-moddasiga koʻra, ota-onalar oʻz farzandlarini voyaga yetgunlariga qadar boqish va tarbiyalashga majburdirlar.

— Majburiy ijro byurosi Andijon viloyat boshqarmasining hududiy boʻlimlari ish yurituvida 33 mingdan ortiq aliment bilan bogʻliq ijro hujjatlari mavjud, — deydi boshqarma katta inspektori Oyistaxon Abdurahmonova. — Bu nihoyatda katta raqam! Ikkinchi jahon urushi davrida umuman boshqa davlatning, millatning farzandlarini oʻz bagʻriga olgan xalqning avlodlari bugun oʻz bolalari taʼminotidan bosh tortishi uyatli holat. Bir eslang, bobolarimiz, momolarimiz urush davrida, garchi oʻzlari och va bir uy farzandlarini qiyinchilik bilan boqayotgan boʻlsa ham, oʻzga oʻgʻil-qizlarni qaramogʻiga olgan. Nega? Chunki bolalarning begonasi boʻlmaydi, deb bilganlar. Shunday ekan, nega bugungi kunda ayrim otalar oʻz bolasi taʼminotini rad etmoqdalar? Otalik burchini bajarishlari uchun qonuniy chora koʻrishgacha sabab boʻlayotgan erkaklarga qanday baho berishga ham hayronsan kishi...

Tahlillar shuni koʻrsatmoqdaki, aksariyat “alimentchi otalar” farzandlari taʼminotidan bosh tortishlariga ishsizlik, daromadsizlik sabab boʻlayotganini taʼkidlamoqdalar. Tan olish kerak, bugungi kunga kelib Andijon viloyatida hatto uydan chiqmagan holda daromad topish borasida xayrli ishlarga qoʻl urilmoqda. Ostona xatlab koʻchaga chiqmagan ayollar ham tovuq boqib boʻlsada, tirikchilik uchun daromad topishyapti. Kaftdek tomorqasida undirgan koʻkatini bozorga olib chiqsa ham, pul boʻlishini unutgan baʼzi otalarni ish bilan taʼminlash choralari koʻrilayotgani ham rost. Aynan MIB Andijon viloyat boshqarmasi tomonidan 2021-yilda 820 nafar ishsiz otalar doimiy ish joyi bilan taʼminlanganligi bunga misoldir.

— Ota-ona birga yashamas ekan, bu boradagi muammolarga ham yechim topish qiyin, — deya suhbatda davom etadi Oyistaxon Abdurahmonova. — Zero, amaldagi qonunchiligimizda ham ular farzandlari taʼminotigagina emas, balki tarbiyasiga ham masʼul ekanligi qayd etilgan. Shu bois boshqarmamiz tomonidan parokandaga yuz tutgan oilalarni yarashtirishga alohida eʼtibor qaratiladi. Ortda qolgan yil davomida 1 ming 20 ta ana shunday oilalarni yarashtirishga erishdik.

Aksariyat hollarda otalarning kam miqdorda aliment toʻlashi uchun oylik ish haqlarini kam miqdorda koʻrsatish holatlariga ham guvoh boʻlmoqdamiz. Erkak kishi shaʼniga, gʻururiga mos boʻlmagan bunday xatti-harakatlar taassufli, albatta.

— Ularga hatto it ham, chumoli ham, qargʻayu qoʻngʻiz ham hech qachon farzandini tashlab ketmasligini, agar dilbandiga nisbatan xavf tugʻilsa oʻzini qurbon qilishga tayyor ekanligini aytgimiz keldiyu, bundan naf koʻrmadik, toʻgʻrisi... Nachora, har kimning oʻziga insof bersin ekan, — deydi suhbatdoshimiz.

Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер