Maqomning haqiqiy jozibasi, sehri va siru sinoati
Kishi qaysi kasb egasi boʻlmasin, astoydil ishlasa, izlansa, fidoyi mehnat qilsa, albatta, eʼtibor topadi, eʼtirofga sazovor boʻladi. Bunga Elmurod Boymurodov hayotini yaqqol misol qilib keltirish mumkin.
Shahrisabz shahridagi Madaniyat markazida oʻtkazilgan maqom sanʼati fidoyisi, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi, “El-yurt hurmati” va “Fidokorona xizmatlari uchun” ordenlari sohibi Elmurod Boymurodovning 75-yillik yubileyi hamda ijodiy faoliyatining 59-yilligiga bagʻishlangan tantanali tadbirda bu haqda batafsil fikr yuritildi.
Madaniyat Vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Maqom markazi Qashqadaryo viloyat hokimligi va boshqa qator tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan tadbirda madaniyat, sanʼat sohasi vakillari, ijodkorning shogirdlari, doʻstlari, mutasaddi vazirlik hamda hokimliklar, OAV xodimlari ishtirok etishdi.
— Institutni tamomlab, ishga kelganimning ikkinchi yiliyoq teatrdagi rejissyorlik faoliyatim bilan bir qatorda Shahrisabzda maqom ansamblini tashkil etgan edim, — deydi Elmurod Boymurodov. — Keyingi 40-yildan oshiq vaqt davomida bu ansambl tarkibidan koʻplab isteʼdodli sanʼatkorlar yetishib chiqdi. Ular oʻz ijodlari vositasida maqomning haqiqiy jozibasini, sehrini, siru sinoatini yosh avlodga yetkazib kelmoqda.

U hamon hududdagi yosh isteʼdodlarni ansambl faoliyatiga jalb etib, ularga maqom sanʼatining sir-asrorlarini puxta oʻrgatib kelmoqda. Ustozning shogirdlari orasida aktyorlar va xonandalar borligi boisi ana shunda.
Tadbirda Elmurod Boymurodovning koʻp yillar davomida madaniyat, sanʼat sohasida amalga oshirgan ishlari, xizmatlari eʼtirof etildi. Shogirdlari, doʻstlari ijrosidagi musiqiy chiqishlar davraga yanada oʻzgacha zavq bagʻishladi.
Jahongir BOYMURODOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring