Maʼmuriy sudlarga murojaat qilish imkoniyatlarini kengaytirish zarurati
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisida “Davlat boji toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga maʼmuriy sudlarga murojaat qilishda fuqarolarga yanada qulay sharoitlar yaratishga qaratilgan oʻzgartirish kiritish haqida»gi qonun loyihasi ham ikkinchi oʻqishda moddama-modda muhokama qilindi.
Statistik maʼlumotlarga koʻra, maʼmuriy sudlar tomonidan mahalliy davlat hokimiyati organlarining, respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining, maʼmuriy-huquqiy faoliyatni amalga oshirishga vakolatli boʻlgan boshqa organlarning, fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining qarorlari, ularning mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan berilgan arizalar (shikoyatlar) boʻyicha fuqarolar tomonidan sudlarga murojaat qilish toifasidagi nizolar boʻyicha koʻrib chiqilgan ishlarning aksariyati qarorni haqiqiy emas, deb topish haqidagi ariza (shikoyat)larni tashkil etgan.
Mazkur qonun loyihasi bilan “Davlat boji toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga fuqarolar oʻzlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini buzayotgan maʼmuriy organlarning, fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining, ular mansabdor shaxslarining qarorlari, harakatlari (harakatsizligi) ustidan maʼmuriy sudlarga murojaat qilganda undiriladigan davlat boji miqdorini pasaytirish belgilanmoqda.
Deputatlarning taʼkidlashicha, ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi fuqarolarga oʻzlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini buzayotgan davlat organlari va boshqa tashkilotlarning, ular mansabdor shaxslarining qarorlari, harakatlari (harakatsizligi) ustidan maʼmuriy sudlarga murojaat qilish imkoniyatlari yanada kengayishiga, ularning odil sudlovga erishish darajasining oshishiga xizmat qiladi.
Qizgʻin davom etgan bahs-munozaralardan soʻng, qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring