Mamlakat taqdiriga daxldor masalaga oʻz munosabatimni bildirdim — Muxlisa Husanova
Foto: “Xalq soʻzi”
Toʻraqoʻrgʻon tumanining Saroy mahallasi ahli ham saylovda faol ishtirok etishmoqda.
Hududdagi 494-saylov uchastkasida fuqarolarning emin-erkin ovoz berishlari uchun barcha sharoit yaratilgan. Yaqindagina oʻn sakkiz yoshini qarshi olgan va ovoz berishda birinchi bor qatnashayotgan Muxlisa Husanova bu yerga oʻzgacha quvonch va shunga yarasha hayajon bilan kirib keldi.
— Namangan davlat universitetining birinchi kursini tamomladim, — deydi M. Husanova. — Tahsil jarayonida dunyoqarashim ancha oʻzgardi. Konstitutsiyani chuqur oʻrgandim, siyosiy tafakkurim mustahkamlandi. Bugun Asosiy Qomusimizda belgilab berilgan huquqimdan foydalanib, mamlakat taqdiriga daxldor masalaga oʻz munosabatimni bildirdim. Fuqarolik burchimni ham ado etganimdan juda mamnunman.
Uchastka saylov komissiyasida Muxlisa singari siyosiy tadbirda ilk bor qatnashayotgan 38 nafar yigit-qiz roʻyxatga olingan. Ularning barchasi oʻzining mustaqil fikri, atrofdagi voqea-hodisalarga nisbatan oʻz qarashlariga ega. Chunki ular saylovdagi faol ishtiroklari birinchi navbatda oʻzlari singari yoshlar, qolaversa, butun yurt taqdiriga aloqador ekanligini juda yaxshi anglashadi. Nafaqat yoshlar, balki, bu yerga tashrif buyurayotgan ikki mingdan ziyod saylovchining muhim siyosiy tadbirda ishtirok etayotganidan faxr tuygʻusi sezilib turibdi.
Aytish lozimki, bugun oʻtkazilayotgan Prezident saylovi mustaqil yurtimizning yanada gullab-yashnashi, xalqimiz turmush darajasining bundan ham yuksaltirish yoʻlidagi ezgu maqsadlarimizga qanot bagʻishlaydi. Butun mamlakatimizda boʻlganidek, Namangan viloyatining shahar va tumanlarida ham saylovlar kattayu-kichikning faolligi bilan oʻtmoqda. 832 ta saylov uchastkasida roʻyxatga olingan 1 million 572 ming nafar saylovchi oʻzi tanlagan munosib nomzod uchun ovoz berish chogʻlangan.
Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring