Malayziyaning Kuala-Lumpur shahrida Fargʻona viloyati savdo-logistika markazi ochildi

15:31 26 Yanvar 2026 Jamiyat
348 0

Malayziya poytaxti — Kuala-Lumpur shahrida Fargʻona viloyati savdo-logistika markazi tantanali ravishda foydalanishga topshirildi. Ushbu markaz Fargʻona viloyati tadbirkorlari va mahalliy ishlab chiqaruvchilari uchun Janubiy-Sharqiy Osiyo bozorlariga chiqishda muhim savdo platformasi boʻlib xizmat qiladi.

Markaz ochilishi munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda Fargʻona viloyati delegatsiyasi aʼzolari, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasining Malayziyadagi Favqulodda va muxtor elchisi Karomiddin Gadoyev ishtirok etdi.

— Savdo-logistika markazida Fargʻona viloyatida ishlab chiqarilayotgan sanoat va qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining keng assortimenti boʻyicha doimiy koʻrgazma tashkil etiladi, — deydi Fargʻona viloyati investitsiyalar, sanoat va savdo boshqarmasi boshligʻining birinchi oʻrinbosari Azimjon Yuldashev. — Asosiy maqsad mahalliy ishlab chiqaruvchilar mahsulotlari uchun yangi va istiqbolli bozorlarni ochish, shu bilan birga Oʻzbekiston va Malayziya tadbirkorlari oʻrtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishdan iborat.

Aytish joiz, tajriba tariqasida Fargʻona viloyatidan olib kelingan anor hamda turli xil quritilgan mevalar malayziyalik xaridorlarda katta qiziqish uygʻotdi. Shuningdek, tekstil mahsulotlari, xususan, Uchkoʻprik tumanidagi Boboshbek mahallasi hududida joylashgan sanoat korxonalari tomonidan ishlab chiqarilayotgan bolalar kiyimlariga alohida eʼtibor qaratildi. Tabiiy ipak mahsulotlaridan tayyorlangan kiyim-kechaklarning sifati, ekologiya jihatdan tozaligi hamda raqobatbardosh narxlari yuqori baholandi.

Tadbir doirasida malayziyalik tadbirkorlar bilan yuzma-yuz muloqotlar oʻtkazilib, ularning koʻmagida Indoneziya bozoriga chiqish, shuningdek, yaqin istiqbolda mazkur mamlakatda ham Fargʻona viloyati savdo-logistika markazini tashkil etish masalalari muhokama qilindi.

Tadbir ishtirokchilari uchun qishloq xoʻjaligi mahsulotlari, quritilgan mevalar va sanoat mahsulotlari koʻrgazmasi bilan tanishish, shuningdek, kelgusidagi hamkorlik kelishuvlarini muhokama qilish imkoniyati yaratildi.

Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер