Maktab oʻquvchisi yoshlarga murabbiylik qilmoqda

11:56 22 Yanvar 2025 Jamiyat
390 0

Istam IBROHIMOV“Xalq soʻzi”. Keyingi paytda Buxoro shahridagi 12-umumtaʼlim maktabining 7-sinf oʻquvchisi Diyora Oʻrinboyevani soʻroqlab kelayotganlar koʻpayib qoldi. Ular orasida xotin-qizlar faoli-yu hokim yordamchisidan tortib oddiy fuqarolargacha bor. Bunga Diyoraning hunari sabab boʻlmoqda.

— Munchoqdan ayollarbop sumkalar toʻqish sir-asrorlarini oʻrganib kam boʻlayotganim yoʻq, — deydi Alpomish mahallasida yashovchi qahramonimiz. — Bu ish bilan darsdan soʻng shugʻullanaman. Hozirgacha turli dizayndagi sumkalarning 88 turini oʻzlashtirdim. Dastlab oʻzim uchun bir-ikkita sumka toʻqigandim. Holi-jonimga qoʻymay sotib olishdi. Shundan soʻng menda bu hunarni kichik biznesga aylantirish fikri tugʻildi. Oilaviy tadbirkorlik bilan shugʻullanadigan ota-onam, maktabimizdagilar qoʻllab-quvvatlashdi. Hozir bilim dargohimizda oʻz toʻgaragimni ochganman. Oʻn-oʻn besh oʻquvchi bilan haftada ikki kun mashgʻulot oʻtaman. Bundan tashqari, viloyat Yoshlar markazida sanʼat yoʻnalishiga qiziqadigan tengdoshlarimga sardorlik qilyapman.

Aytmoqchi, biz Diyorani Yoshlar markazida tashkil etilgan “Loyihalar yarmarkasi”da uchratib qoldik. Odatdagidek, u toʻqigan, har birining bahosi 120-140 ming soʻm turadigan bejirim sovgʻabop sumkalar tadbir ishtirokchilarida katta qiziqish uygʻotdi. Koʻp oʻtmay hunar ortidan daromad topib ota-onasining yaqin koʻmakchisiga aylanayotgan maktab oʻquvchisining mahsulotlariga xaridor chiqdi. “Bizning mahallada toʻgarak ochsangiz” degan bir necha taklif ham tushdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер