Maktab muammosi yechimini topdi
Istam IBROHIMOV/“Xalq soʻzi”. Jondor tumanidagi 24-umumtaʼlim maktabida sinfxonalarning yetishmasligi, boz ustiga sport zalining yoʻqligi oʻqituvchilarga ham, oʻquvchilarga ham noqulayliklar tugʻdirib kelayotgandi. Endilikda bu masala kun tartibidan tushdi.
Bilim dargohida 120 oʻrinli yangi oʻquv binosi hamda sport zali qurilib foydalanishga topshirildi. 3 milliard 560 million soʻm miqdoridagi mablagʻ evaziga barpo etilgan har ikkala obyekt sharofati bilan darslarni bir smenada tashkil etish, jismoniy tarbiya fanida mashgʻulotlarni toʻlaqonli oʻtish sharoiti yuzaga keldi. Taʼlim samaradorligini yanada oshirish imkoniyati tugʻildi. Bu oʻz navbatida, muallimlar zimmasiga ham katta masʼuliyat tushayotganini anglatadi. Ular davlatimiz tomonidan yaratib berilayotgan imkoniyatlardan oqilona foydalanishi, oʻz ustida ishlashi, oʻgʻil-qizlarning bilimlariga bilim qoʻshish uchun kuch-gʻayratlarini ayamasliklari muhimdir. Yangi oʻquv binosi va sport zalini foydalanishga topshirishga bagʻishlangan tantanali tadbirda ana shu alohida taʼkidlandi.
Jondor tumaniga kelsak, hududda yoshlarimizning risoladagidek taʼlim-tarbiya olishlari yoʻlidagi saʼy-harakatlar davom etmoqda. Ayni paytda tumandagi 22-, shuningdek, 38-umumtaʼlim maktablarida ham qoʻshimcha oʻquv binolari bunyod etilmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring