Maktab direktorlari, oʻrinbosarlari hamda bogʻcha rahbarlarining maoshi oshiriladi

12:11 19 Mart 2025 Jamiyat
500 0

Prezident Maktabgacha va maktab taʼlimi sohasida boshqaruv tizimi samaradorligini oshirish boʻyicha yangi farmon imzoladi.

Unga koʻra, endilikda maktab direktorlari, ularning oʻrinbosarlari hamda bogʻchalar rahbarlarining maoshlari oshiriladi. Bu haqida Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri Hilola Umarova maʼlum qildi.

Unda aytilishicha, 2025-yil 1-sentyabrdan boshlab umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlari direktori lavozimining bazaviy tarif stavkasi 20 foizga, oʻrinbosari lavozimining bazaviy tarif stavkasi 15 foizga oshirilib, bogʻchalarimiz direktorlari lavozimlarining bazaviy tarif stavkalari III va IV guruhdagi umumiy oʻrta taʼlim tashkiloti direktori oʻrinbosari lavozimining bazaviy tarif stavkalariga tenglashtirish orqali oshiriladi.

Shu tariqa, respublikadagi 10 mingdan ortiq maktab direktorlari, 7 mingga yaqin bogʻcha direktorlari hamda 35 mingga yaqin maktab direktor oʻrinbosarlarining ish haqi miqdorlari oshirilishiga erishiladi.

Shuningdek, 2026-yil 1-yanvardan boshlab umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlarining direktor jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan direktor va uning oʻrinbosarlariga faoliyat samaradorligi koʻrsatkichlari natijasiga koʻra, bazaviy tarif stavkalariga nisbatan tegishlicha 20 va 10 foiz miqdorida har oylik ustamalar belgilanadi.

“Tuman boʻlimlarida qoʻshimcha shtatlar ajratilyapti va bu oʻquvchilar bilimini baholashni monitoring qilish, oʻquvchilarga xorijiy til va kasbga oʻrgatish vazifalarini amalga oshirish uchun tegishli lavozimlarni joriy etish imkoniyati yaratadi”, — deyiladi vazir xabarida.

Vazirlik tizimidagi qariyb 15 ming nafar boshqaruv xodimlariga koʻp yillik xizmati uchun ragʻbatlantirish tizimi ham yoʻlga qoʻyiladi.

Bundan tashqari, maktab xodimlari mukofot puli miqdorini mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining 75 foizigacha miqdorida etib belgilanmoqda.

“Yana bir muhim oʻzgarish, avvallari maktablarimizning boʻsh turgan binolari ijarasidan tushgan mablagʻlarning 40 foizigina oʻsha maktabda qolardi. Endilikda ushbu mablagʻlarning 75 foizi oʻsha maktab rivoji uchun sarflanadi”, — deydi Umarova.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер