Maxsus bort Erondan 37 nafar oʻzbekistonlikni olib kelmoqda
Foto: fvv.uz
Mudofaa vazirligi tomonidan Eronga insonparvarlik yukini yetkazish uchun ajratilgan havo kemasida ushbu mamlakatda boʻlib turgan Oʻzbekistonning 37 nafar fuqarosi vatanga olib kelinmoqda. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, ular koronavirus tufayli chegaralarning yopilgani natijasida 23-fevraldan buyon Eronning “Lutfobod” postidagi terminalda qolib ketgan 14 nafar haydovchi, shuningdek, talabalar, tadbirkor va diplomatlardir.
Bu fuqarolar va samolyot ekipaji belgilangan tartibda malakali shifokorlar, soha mutaxassislari nazorati ostida ikki hafta muddatda karantinda saqlanadi.
Eslatib oʻtamiz, bugun, 16-mart kuni Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportidan prezident Shavkat Mirziyoyevning topshirigʻiga muvofiq koronavirusning oldini olish chora-tadbirlariga koʻmaklashish maqsadida Eron Islom Respublikasiga insonparvarlik yordami yuborildi.
Davlat rahbari topshirigʻiga asosan Eronning yordam soʻrab qilgan murojaatini qoʻllab-quvvatlash, shuningdek mazkur xavfli infeksiyaga qarshi kurashish boʻyicha birgalikdagi saʼy-harakatlarni kuchaytirish maqsadida steril tibbiy qoʻlqoplar, himoya qiluvchi kombinezonlar, maxsus tibbiy formalar, niqoblar, doka, spirt, gigiyenik gellar va dori vositalari singari umumiy ogʻirligi qariyb olti tonna boʻlgan tibbiy buyumlar shaklida insonparvarlik yordami yuborilgan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring