Maydanakda turistik zonasiga tamal toshi qoʻyildi
Foto: Халқ сўзи
Qamashi tumanining Katta oʻra mahallasi tuman markazidan 80 kilometr uzoqlikda, dengiz sathidan 2700 metr balandlikda joylashgan. Mahallaning hamma tomoni Hisor togʻ tizmalarining purviqor qoyalari bilan oʻralgan boʻlib, ana shu balandliklar orasidagi 7 ta qishloqda 3 mingdan ortiq kishi istiqomat qiladi.
Katta oʻraning bir yoni Dehqonobod tumanining togʻli qishloqlari bilan chegaradosh, yana bir tomoni esa Maydanak observatoriyasi joylashgan choʻqqi bilan tutashgan.

Tuman Markazidan Katta oʻra tomon yoʻlga chiqar ekansiz, mashhur Langar ota qishlogʻi va shu nomdagi ziyoratgoh joylashgan hudud, yana qator togʻ qishloqlaridan oʻtib borasiz. Bu qishloqlarning har biri oʻziga xos tabiat goʻzalliklari, kishiga ekstremal sayohat zavqini ulashuvchi togʻ manzaralarni mujassam etgan.
Avvallari Katta oʻra mahallasi yoki Maydanak observatoriyasiga borish oson ish emasdi. Yoz kunlari ham nosoz togʻ yoʻllarida harakatlanish katta mashaqqat talab etar, yogʻin-sochinli kunlarda esa bu yoʻllardan maxsus texnikalarsiz yurib boʻlmas, qishloq tashqi olamdan deyarli uzilib qolardi.

Biroq soʻnggi yillarda vaziyat oʻzgardi. Tegishli dasturlar doirasida ushbu togʻ qishlogʻiga olib boruvchi yoʻllar, koʻpriklar taʼmirlanib, avtomobillarning xavfsiz harakatlanishi uchun shart-sharoit yaratildi. Yoʻl boʻylarida zamonaviy xizmat koʻrsatish shoxobchalari, mehmon uylari, kichik turistik manzillar barpo etildi.
Endilikda esa Katta oʻra mahallasi har tomonlama rivojlangan, gavjum turistik hududga aylanadi.
Joriy yilning 24-25-oktyabr kunlari Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryo viloyatiga tashrifi davomida Maydanak observatoriyasi joylashgan hududda turizm zonasi barpo etish loyihasi bilan tanishib, loyihani amalga oshirish boʻyicha masʼullarga tegishli topshiriq va koʻrsatmalar bergan edi.

Shunga asosan, Bosh Vazir oʻrinbosari Ochilboy Ramatov hamda viloyat hokimi Murotjon Azimov ishtirokida turistik zonaning ilk tamal toshi qoʻyilib, qurilish-bunyodkorlik ishlari boshlab yuborildi.
— Bu oʻzgarishlardan mahallamiz ahli juda mamnun, — deydi Katta oʻra mahallasidagi hokim yordamchisi Zokir Roʻziboyev. — Mahallamizda qoʻl mehnati yordamida turli mahsulotlar tayyorlaydigan hunarmandlar koʻpchilikni tashkil etadi. Kelgusida ular oʻz mahsulotlarini mahalliy va xorijiy turistlarga toʻgʻridan-toʻgʻri realizatsiya qilish imkoniga ega boʻlishadi. Endilikda bu ishni yanada rivojlantirmoqchimiz. Shuningdek, gastronomik turizmni rivojlantirish boʻyicha ham katta salohiyatimiz bor. Bu salohiyatlarni ishga solish uchun keng imkoniyat yaratib berilmoqda.
Loyihaga koʻra, umumiy maydoni 58,6 gektar hududni egallaydigan Maydanak turizm zonasida 4830 metr uzunlikdagi dor yoʻli, 3 kilometr uzunlikka ega togʻ-changʻi kompleksi, mehmonxona, madaniy sogʻlomlashtirish majmuasi va boshqa koʻplab xizmat koʻrsatish obyektlari bunyod etiladi. Shuningdek, Fanlar akademiyasi tavsiyasi asosda observatoriya mukammal taʼmirlanishi rejalashtirilgan.
Jahongir BOYMURODOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring