Mayda shoxli hayvonlar oʻlati kasalligi qanday zarar yetkazmoqda?

14:48 26 Avgust 2019 Jamiyat
2308 0

Poytaxtimizda Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi hamda Xalqaro epizootik byuro hamkorligida Iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlar uchun mayda shoxli hayvonlarning oʻlat kasalligiga oid hududiy “Yoʻl xaritasi” doirasidagi uchinchi yigʻilishi boʻlib oʻtdi. 10 dan ortiq davlatlardan tashrif buyurgan 60 ga yaqin xalqaro ekspertlar ishtirok etgan tadbirda tashkilotga aʼzo davlatlarning mayda shoxli hayvonlar oʻlatiga qarshi kurash boʻyicha “Yoʻl xaritasi” doirasidagi oldingi uchrashuvlarda ishlab chiqilgan tavsiyalar ijrosi, kasallikka qarshi kurashishda mintaqalardagi vaziyatni baholash, kasallikka qarshi kurashish boʻyicha belgilangan chora-tadbirlar (Milliy strategik rejalar)ning bajarilishi kabi masalalar koʻrib chiqildi.

Dastlab kasallik haqida. Mayda shoxli hayvonlar oʻlati — bu, asosan, qoʻy va echkilarda uchraydigan yuqumli kasallik. U baʼzi hollarda kavsh qaytaruvchi yovvoyi hayvonlarda ham uchraydi. Mayda shoxli hayvonlar oʻlati kasalligi tufayli har yili dunyo miqyosida 2,1 mlrd. AQSH dollari miqdorida zarar yetkaziladi.

Soʻnggi 15 yilda ushbu kasallik dunyoda xavotirli surʼatda tarqalib, oʻta global muammolardan biriga aylanib bormoqda.

2016-yilda dastlab Gruziya va Moʻgʻulistonda qayd etilgan va u yerda infeksiya, hattoki yovvoyi hayvonlarga ham yuqish holatlari kuzatilgan. 2018-yilda esa uning koʻrinishlari Burundi va Bolgariyada qayd etildi. Bu esa kasallik tobora keng tarqala boshlagani va unga qarshi keskin kurash olib borish lozimligini anglatadi.

Mayda shoxli hayvonlar oʻlati kasalligiga qarshi qatʼiy kurashish va uni yoʻq qilish chorvachilik inqirozini oldini olish, shuningdek, oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini barqaror taʼminlashni kafolatlaydi.

Kasallikka tashxis qoʻyish va aniqlash oddiy usulda amalga oshiriladi. Ishonchli va sifatli vaksina yordamida bir martalik emlash hayvonni hayoti davomida koʻpgina kasalliklardan himoyalaydi. Bunday veterinariya xizmatlarining kasallikka qarshi kurashish va uni yoʻq qilish imkoniyatlarini kuchaytirish hayvonlarning boshqa kasalliklarga qarshi kurashda ham ijobiy taʼsir koʻrsatadi.

2016-yil mart oyida BMTning qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat masalalari boʻyicha tashkiloti va Xalqaro epizootik byuro tomonidan kasallikni yoʻq qilishni muvofiqlashtirish boʻyicha qoʻshma kotibiyat tashkil etildi. 2018-yil sentyabr oyida “Mayda shoxli hayvonlar oʻlati kasalligidan dunyoni qutqarish uchun sheriklik va investitsiyalar” umumjahon konferensiyasi tashkil etilib, unda xalqaro deklaratsiya qabul qilindi va 2030-yilga kelib ushbu kasallik butkul yoʻq qilinishiga erishish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” tasdiqlandi.

Toshkentda oʻtkazilgan ushbu tadbir yakunida tegishli qarorlar qabul qilindi.

Dilshod ULUGʻMURODOV.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер