May oyida ikki marta toʻlin oy hodisasi kuzatiladi

11:12 14 Aprel 2026 Ilm-fan
190 0

Illyustrativ foto

2026-yil may oyi noyob astronomik hodisa bilan ajralib turadi — oy davomida ikki marta toʻlin oy kuzatiladi. Bu haqda K.E. Siolkovskiy nomidagi Davlat kosmonavtika tarixi muzeyi fizika-astronomiya boʻlimi ilmiy xodimi Aleksandr Alekseyev maʼlum qildi. Uning aytishicha, bunday holat bir necha yilda bir marta sodir boʻladi.

Maʼlum qilinishicha, may oyidagi toʻlin oylar 1 va 31-may kunlariga toʻgʻri keladi. Buning sababi Oyning Yer atrofida aylanish davri bilan bogʻliq: u toʻliq aylanishni 27,3 sutkada amalga oshiradi, ammo Yerning Quyosh atrofida harakati hisobga olinganda bu davr taxminan 29,5 kungacha uzayadi. Agar kalendar oyi 31 kundan iborat boʻlib, birinchi toʻlin oy oy boshiga toʻgʻri kelsa, ikkinchisi oy oxirida kuzatiladi.

Mutaxassisning taʼkidlashicha, ikki toʻlin oy toʻgʻri kelgan may oyi oy taqvimi mavzusini oʻrganish uchun yaxshi imkoniyat yaratadi. Chunki qadimdan Oy turli voqealarni hisoblashda asosiy mezonlardan biri boʻlib kelgan. Biroq Oy oylari yilga aniq mos kelmasligi sababli ayrim bayram sanalarining yil sayin siljishi kuzatiladi. Masalan, Pasxa bayrami bahorgi tengkunlikdan keyingi birinchi toʻlin oydan soʻnggi yakshanba kuni nishonlanadi.

Shu bilan birga, astronomlar uchun toʻlin oy unchalik qulay emas. Yorqin oy yorugʻligi tufayli yulduzlarni kuzatish qiyinlashadi. Oy yuzasidagi kraterlarni esa toʻlin oy paytida emas, balki qisman yoritilgan fazalarda, yaʼni “terminator” chizigʻi yaqinida kuzatish maqsadga muvofiq. Bu paytda Oy relyefi ancha aniq va yorqin koʻrinadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?