Mahmud Suboh haqida eshitganmisiz?
Nafaqat olis, balki yaqin oʻtmishda ham yurtimizda chuqur bilimga ega, zukko, jonkuyar, millat raqnaqi yoʻlida jonini jabborga berib ishlagan koʻplab insonlar yashab oʻtishgan. Ayrimlaridan keng jamoatchilik xabardor emas. Shundaylar orasida oʻzga millat vakili boʻla turib, oʻzbek tilining sofligi, maorifimiz ravnaqi uchun astoydil qaygʻurgan bir zot borki, u alohida hurmat-eʼtirofga loyiqdir.
Biz oʻtgan asrning suronli 20-yillarida Tataristondan Buxoroga kelib, maʼrifatparvarlik ishlari bilan mashgʻul boʻlgan Mahmud Subohni nazarda tutayapmiz.Shu davrni chuqur oʻrgangan zukko olim, Buxoro davlat universiteti professori, tarix fanlari doktori Shodmon Hayitovning bildirishicha, u mahalliy yoshlarni xorijga oʻqishga joʻnatishga ham koʻp kuch sarflagan.
— 1920-yilning kuzida, yaʼni Buxoro Xalq Respublikasi tashkil topgan dastlabki oylardanoq shahrimizga kelgan Mahmud Suboh maorif nozirligida umumiy ishlar boʻlimi mudiri vazifasida ishlaydi, — deydi Sh. Hayitov. — U oʻzining asosiy yumushlaridan tashqari davriy matbuotda ham dolzarb mavzularda chiqishlar qilib turadi. Jumladan, 1921-yilning bahoridan 1923-yilning 17-noyabriga qadar “Buxoro axbori” va “Ozod Buxoro” gazetalarida 11 ta maqola, lavha va hikoyalarini chop ettirgan. U oʻsha davr uchun oʻta dolzarb sanalgan oʻquv qoʻllanmalari yozishda ham faol ishtirok qilgan.
Eʼtiborlisi, Mahmud Subohning matbuotdagi chiqishlarida ilgari surilgan gʻoyalar bugungi kun ruhiga hamohangdir. Masalan, “Buxoro axbori” (hozirgi “Buxoronoma”)ning 1922-yil 22-oktyabr sonidagi maqolasida “Yuzni yuvmoq bilan oqartmoq kabi qalbnida oʻqimoq bilan oqartmoq kerak”, deydi.
Diqqatga molik yana bir jihat shundaki, Mahmud Suboh boshqa millat vakili boʻlishiga qaramay oʻzbek tilini asrab-avaylash, uning qadrini joyiga qoʻyish toʻgʻrisida chinakamiga qaygʻurdi. Maʼrifatparvar “Til masalasi” maqolasida “Hukumat tili shu hukumatning xoʻjasi boʻlgan xalqning ona tilidur...Bir millatning taraqqiy qilmogʻi oʻzining tilini sof qilib, oni boyitmoq va oning qadrini bilmogʻi solinda boʻladur”, deb yozdi. Buxoro Xalq Respublikasida hukumat qarorlari, buyruq va farmonlari ajnabiy (rus) tilida chiqarilayotganini tanqid ostiga olib, “Bu ish hovlining eshigi bor holda, devordan azoblanib yuqoridan tushmakdur” deya fikrini obrazli ifodalaganini aytmaysizmi?
Nazarimizda,bu joʻyali soʻzlar hali-hanuz ahamiyatini yoʻqotgan emas.Axir, uyning eshigi u yoqda qolib, devordan oshib tushmoqchi boʻlganlar hozir ham oramizda uchrab turibdi.
Olim eʼtiborimizni yana bir dalilga qaratdi. Buxoro Xalq Respublikasi hukumati oʻzbek tilini davlat tili deb eʼlon qilgan. Davlat idoralarida kimki ona tilimizda ish koʻrmasa, muloqotda boʻlmasa, unday shaxsga hatto jarima jazosi belgilangan. Shundan kelib chiqqan holda oʻzbek tilida nafaqat maqolalar, balki badiiy asarlar ham yozgan M. Suboh qaror ijrosini taʼminlash zarurligini juda koʻp takrorlagan.
— Bu maʼrifatparvar insonning hayoti va ijodi hali chuqur oʻrganilgan emas, — deydi Buxoroning yaqin oʻtmishi bilimdonlaridan yana biri, BuxDU dotsenti, tarix fanlari nomzodi Kamol Rahmonov. — Mahmud Suboh keyinchalik Samarqand va Toshkentda faoliyatini davom ettirgani, mahalliy matbuotda koʻplab chiqishlar qilgani, badiiy asarlar yozgani maʼlum. Binobarin, undan qolgan maʼnaviy meros oʻz tadqiqotchisini kutmoqda.
Istam IBROHIMOV,
“Xalq soʻzi”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring