Mahkumning murojaati qanoatlantirildi
Foto: Xalq so‘zi
Ozodlikdan mahrum etish mahkum uchun jazo, ayni chogʻda jamiyatning maʼlum muddatda uni tarbiyalash hamda toʻgʻri yoʻlga qaytarishdek ustuvor maqsadi yoʻlidagi vosita hisoblanadi. Bunda ozodlik va erkinliklari chegaralangan mahkumning yashash va mehnat qilish sharoitlari chegaralanmaydi. Salomatligi qatʼiy nazoratda boʻladi.
Jazoni liberallashtirish hamda uni oʻtashni demokratlashtirish ham shu kabi saʼy-harakatlar hosilasidir. Har bir jazoni ijro etish muassasasida mahkumlar boʻsh vaqtini kutubxonada oʻtkazishi mumkin. Sogʻlom turmush tarzi uchun sport zali va sport maydonchalari hamda yengil muolajalarga moʻljallangan shifo maskanlari mavjud. Madaniy tadbirlar uchun klub yoki oʻz badiiy havaskorlik dastasini tashkil qilish, bir soʻz bilan aytganda, mahkumning xulq-atvorini yaxshi tomonga oʻzgartirish, insoniy fazilatlarni uygʻotishning barcha choralari koʻrilmoqda.
— Shuningdek, ularning har bir murojaatlari bilan ishlashda ariza ortida mahkum emas, inson turibdi, degan tamoyil asosida yondashilmoqda, — deydi Navoiy maxsus prokuraturasi tergovchisi S. Jumayev. — Misol uchun, yaqinda prokuraturamizga Toshkent shahar M. Ulugʻbek tuman sudining 2022-yil 29-martdagi hukmiga koʻra, JKning 244-moddasi 3-qismi “g” bandi bilan aybli deb topilib, 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan mahkum Gʻ. Xolnazarov murojaat qilib, muddatini oʻtash davrida uning sogʻligʻiga va yoshiga mos ish bilan taʼminlanishida yordam soʻradi. Murojaat atroflicha oʻrganilib, Gʻ. Xolnazarov muassasa ishlab chiqarish korxonasining ohak sexidan olinib, yengillashtirilgan 5-oʻquv maydoni huquqbuzarlik profilaktika seksiyasiga oʻtkazildi.
Taʼkidlash joiz, bu kabi misollarni yana oʻnlab keltirish mumkin. Boisi soʻnggi yillarda mamlakatimizda ham mahkumlar hayoti mazmunan boyitilib, barcha tadbirlar gʻoyaga qarshi gʻoya, jaholatga qarshi maʼrifat bilan kurashish tamoyiliga asoslanayotgani amalda oʻz samarasini berishi shubhasiz.
Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring