Mahalliy korxonalar uchun xomashyo importi bojlari toʻliq qayta koʻrib chiqiladi
Foto: Prezident matbuot xizmati
Davlatimiz rahbari kichik korxonalarning xomashyoga ehtiyojini aniqlab, qaysi davlatdan, qancha miqdorda va qanday narxda olib kelishi, transport xarajatini hisob-kitob qilib, xomashyo zaxirasini shakllantirish vazifasini qoʻydi.
Elektrotexnika korxonalari oʻtgan yili 27 milliard soʻmlik imtiyozdan foydalanib, eksportni 83 million dollarga, byudjetga tushumni 46 milliard soʻmga oshirgan. Ular oʻzimizda boʻlmagan albumin katankani import boji boʻyicha imtiyoz muddatini uzaytirishni soʻragan.
Xuddi shunday zargarlik sanoati uchun qimmatbaho va yarim qimmatbaho toshlarga, metallurgiya sanoati uchun yuqori haroratga chidamli boʻyoqlarga, oziq-ovqat korxonalari foydalanadigan sitrus konsentratlariga ham boj belgilangan. Mutasaddilarga mahalliy korxonalar uchun xomashyo importiga bojlarni toʻliq qayta koʻrib chiqish topshirildi.
Gilam ishlab chiqaruvchilarga kafolatli xomashyo bazasi yaratilgani uchun uch yilda sohada eksport 2 karra oshdi. Yoki mebelchilar uchun yogʻoch olib kelishga yengillik qilib berilgani hisobiga bu tarmoqda ham ikki yilda ishlab chiqarish 1,4 barobar koʻpaydi.
Mebelchilar polimer, eshik-romchilar albumin xomashyosini, maishiy kimyo korxonalari pigment va aromatizator, umuman, ishlab chiqaruvchilar mahsulotini qadoqlash uchun qogʻoz va karton zaxirasini yaratish masalasini koʻtargan.
Tashqi bozorda xomashyo arzon paytda zaxira qilish uchun imtiyozli resurs boʻlsa, tashish xarajatining bir qismi qoplansa, bunday tarmoqlar ham iqtisodiy oʻsishga katta turtki beradi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring