Mahallangizda kutubxona bormi?

18:30 22 Noyabr 2023 Jamiyat
212 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Shu paytga qadar Navoiy viloyatining Xatirchi tumanidagi Koʻksaroy mahallasida istiqomat qiluvchilar ushbu savolga “yoʻq”, deb javob berishar edi. Vaholanki, mahalladagi 593 xonadonda 3104 nafar aholi istiqomat qilar, uchta umumiy oʻrta taʼlim maktabi faoliyat koʻrsatar edi.

Joriy yilning may oyida mahalla oʻzining yangi binosiga ega boʻlib, unda kutubxona uchun ham alohida joy ajratilgan edi. Biroq kitob va ularni saqlash uchun kitob javonlarining yoʻqligi sabab, faoliyat koʻrsatmas, koʻksaroyliklar mutolaadan ancha yiroqlashib qolishgan edi.

Yaqinda “Mahalla” xayriya jamoat fondi Xatirchi tuman boʻlinmasi tashabbusi bilan mahalla fuqarolar yigʻini binosida kutubxona tashkil qilindi.

Xalq deputatlari Navoiy viloyat Kengashi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan eʼlon qilingan grant tanlovida Koʻksaroy mahallasi “Kitobni sevish – oʻzlikni sevish” nomli loyihasi bilan ishtirok etib, 32 million 575 ming soʻm grant mablagʻiga ega boʻldi. Ushbu mablagʻ hisobidan kutubxona uchun mebel jihozlari hamda turli nomdagi 430 dona kitob xarid qilinib, maʼrifat maskani oʻz eshiklarini ochdi.

— Mahallamizda yoshlar boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazishlari, sport bilan shugʻullanishlari uchun sharoitlar mavjud, – deydi mahalla raisi Ilhom Mirzayev. – Biroq kitobning, mutolaaning oʻrni ularning hech biri bosolmaydi. Ishonchim komil, ushbu kutubxona mahalla ahli, ayniqsa, yoshlar uchun oʻz bilimlarini oshirishlari, mahallada esa kitobxonlikning ommalashishiga xizmat qiladi.

Maʼlumot oʻrnida taʼkidlash joiz, ushbu kutubxona faoliyati “Mahalla” xayriya jamoat fondi Navoiy viloyat boʻlimi amaliy koʻmagi bilan yoʻlga qoʻyildi. Shuningdek, fondning viloyat boʻlimi va tuman boʻlinmalari mahalla fuqarolar yigʻinlari moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ularni kompyuter texnikasi va mebel jihozlari bilan taʼminlashdagi sayʼi-harakatlari tufayli joriy yilda viloyatdagi 232 ta mahalla fuqarolar yigʻinlarining kutubxonalari 10 ming donaga yaqin turli mavzulardagi kitoblarga ega boʻlishdi.

Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер