Mahalladagi 50 gektar maydonda limonzor barpo etilmoqda

22:54 04 Yanvar 2023 Jamiyat
1428 0

Foto: «Халқ сўзи»

Bozori chaqqon mevalar haqida soʻz ochilsa, koʻz oldingizga eng avval shifobaxsh limon kelishi tayin. Shu nuqtayi nazardan limonchilikni rivojlantirishga eʼtibor kuchaytirilayotgani ayni muddao. Buxoro viloyatining chekka goʻshasi - Qorovulbozor tumani ham bundan mustasno emas.

Tumandagi “Navbahor” mahalla fuqarolar yigʻini hududida bir guruh tashabbuskor tadbirkorlar tomonidan jami 50 gektar yerda limonzor barpo etilyapti. “Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili asosida amalga oshirilayotgan bu loyihani Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) moliyaviy jihatdan qoʻllab-quvvatlayapti. Loyihaning umumiy qiymati 79 milliard soʻm boʻlib, har biri yarim gektardan iborat 76 ta issiqxona qurilishi koʻzda tutilgan. Bu ming nafarga yaqin kishini ish bilan taʼminlash imkonini beradi.

Foto: «Халқ сўзи»

— Ushbu sitrus mevani yetishtirishdan odam rosmanasiga baraka topadi, — deydi Buxoroda butun boshli limonchilik maktabini yaratgan Nusrat Saidov. — Buni men oʻz hayotim misolida aytaman. Deylik, atigi toʻrt sotix yerda 50 tup limon koʻchati oʻtqazgan kishi parvarishni risoladagidek olib borsa, ikki tonnadan oshirib hosil yetishtirishi mumkin. Qorovulbozorda barpo etilayotgan limonariylarga kelsak, ishonchim komil, bu yerda yetishtirilgan limonning ham xorijda bozori, albatta, chaqqon boʻladi.

Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер