Mahallada yangi va zamonaviy tibbiyot punkti ish boshladi
Foto: «Халқ сўзи»
Mustaqillik bayrami arafasida Romitan tumani “Bogʻiturkon” mahalla fuqarolar yigʻini hududidagi Pinjon, Boyish, Urganji, Qiyoton qishloqlari aholisiga yana bir qulaylikdan bahramand boʻlishdi. Har toʻrtala qishloq aholisiga namunali xizmat koʻrsatishga moʻljallangan zamonaviy tipdagi tibbiyot punkti faoliyat koʻrsata boshladi.
Yoʻl azobi, goʻr azobi, deganlaridek, shu kunga qadar bu maskanlarda yashovchi fuqarolar toblari qochib qolganida hududdan anchagina olis boʻlgan 37- oilaviy poliklinikaga borishardi. Xususan, yosh bolali ayollarga qishning izgʻirini yoki yozning jaziramasida yoʻl poylash juda qiyin edi. Endi bu muammoga barham berildi. Yangi qurilgan tibbiyot punkti shinam va koʻrkam boʻlib, aholiga birlamchi tibbiy xizmat koʻrsatish uchun zarur uskunalar bilan jihozlangan. Tibbiyot maskani ikki ming nafarga yaqin aholiga xizmat koʻrsatadi.
Yangi tibbiyot punktining ochilish marosimida qatnashgan davlat va jamoat tashkilotlari vakillari bu kabi qulayliklar mamlakatimizda inson qadrini ulugʻlash, odamlarning oʻz hayotidan rozi qilish yoʻlidagi saʼy-harakatlarning biri ekanligini taʼkidlashdi. Keksalar duoga qoʻl ochishdi.
Aytish joizki, yurtimizning boshqa goʻshalarida boʻlgani kabi Romitanda ham el-yurt salomatligi yoʻlida koʻplab xayrli ishlar amalga qoʻl urildi. Keyingi bir yil ichida tumanning eng chekka hududlarida yashovchi aholi salomatligini muhofaza qilish maqsadida 11 ta tibbiyot punkti ochilgani fikrimiz tasdigʻidir.
Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring