Mahallada til bayrami oʻtkazildi

15:57 18 Oktyabr 2022 Jamiyat
1076 0

Foto: Xalq so‘zi

Ulugʻ maʼrifatparvar Abdulla Avloniy «Har bir millatning dunyoda borligʻini koʻrsatadigan oyinayi hayoti til va adabiyotdur. Milliy tilni yoʻqotmak millat ruhini yoʻqotmakdir», degan edi.

Darhaqiqat, til — bu oʻzligimiz, bebaho boyligimiz. Har qanday millat, avvalo, oʻz tili, qadriyatlari, anʼanalari bilan gʻururlanadi.

— Mamlakatimizda ona tilimizga davlat tili maqomining berilishi, uning mavqeyini mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan tadbirlar, hech shubhasiz, yoshlarning Vatanga boʻlgan mehru muhabbatlarini kuchaytirishga xizmat qiladi, — deydi Buxoro davlat universiteti huzuridagi Buxoro davlat pedagogika instituti oʻqituvchisi M. Boltayeva. — Biz shu nuqtayi nazardan kelib chiqqan holda mahallalarda til bayramlarini oʻtkazish anʼanasini yoʻlga qoʻymoqdamiz.

Institut jamoasi tomonidan tashkil etilgan “Til – millat faxri” mavzusidagi ana shunday badiiy kechalardan biri Buxoro shahridagi 30- mahalla fuqarolar yigʻini hududida oʻtkazildi. Kechada oʻqituvchi-ziyolilar, talabalar, xotin-qizlar faollari bilan bir qatorda mahallaning ibratli oilalari, turli millat vakillari qatnashdilar.

Bayram pedagogika instituti 2-bosqich oʻzga tilli guruhlarda rus tili yoʻnalishida tahsil olayotgan talabalar tomonidan ijro etilgan raqs, qoʻshiklar bilan boshlandi. Oʻzbek tilini madh etuvchi sheʼrlar yod oʻqildi. Mahallaning faol onaxonlari laparlar aytishdi. Talaba-yoshlar nafaqat oʻzbek, balki qoraqalpoq, rus, ingliz hamda turk tillarida ham chiqishlar qilib barchaga yaxshi kayfiyat ulashdilar.

— Mahallalar bilan hamkorlikda oʻtkazilayotgan bunday tadbirlar qadriyatlarimiz, jumladan, ona tilimizni asrab-avaylash, uning nufuzini oshirish, millatlararo totuvlikni mustahkamlashda muhim oʻrin tutadi, — deydi Buxoro pedagogika instituti oʻqituvchisi Z. Salixova.

Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер