Mahallada suv taʼminoti yaxshilanmoqda

15:00 09 Noyabr 2023 Jamiyat
187 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Bugun Marhamat tumanidagi Shomat mahallasi aholisining quvonchi cheksiz. Boisi, bu yerda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari ularning turmush sharoitini tubdan oʻzgartirib yubordi. Jumladan, soʻnggi 50 yilda eʼtibor qaratilmagan koʻchalar endilikda asfaltlandi.

— Toʻgʻrisi, ishonging kelmaydi odamning, — deydi shu mahallada istiqomat qiluvchi Nishonboy Abdullayev. — Axir, mahallamizdagi mavjud 6 ta koʻchaning barchasiga asfalt bosildi. Yoʻlimiz ravonligidan har kuni tongda oqsoqollar besh ming qadam piyoda yurishni odat qildik.

Mahallaning 3 kilometrdan iborat ichki yoʻli havas qilsa arzigulik darajaga keltirildi. Elektr taʼminoti bilan bogʻliq masalalar ham birin-ketin ijobiy yechim topmoqda. Shu kungacha 10 ta transformatorda joriy va mukammal taʼmirlash ishlari amalga oshirildi. 120 ta eski simyogʻochlar temir-beton tayanchlarga almashtirildi. 450 ta xonadonda taʼminot sifati yaxshilandi.

— Ichimlik suvini olisdan tashib kelardik, — deydi mehnat faxriysi Nuriyaxon Aliboyeva. — Hozirda 700 mln. soʻm mablagʻ evaziga 5 km. masofaga yangi suv quvuri tortilib, 1 ta suv qudugʻi oʻrnatildi. Natijada 1,5 ming nafar aholining ichimlik suviga boʻlgan ehtiyoji qondirildi. Shu bilan mahalla aholisini suv bilan taʼminlash 85 foizga yetdi. Ayni paytda qurilish ishlari davom etmoqda. Tez orada mahallamizda suv taʼminoti 100 foizga koʻtariladi.

Bu kabi xayrli ishlarni amalga oshirishda “Obod xonadon”, “Obod koʻcha” va “Obod mahalla” tamoyili asosidagi harakatlar oʻz samarasini berdi. Qolaversa, “Ochiq byudjet” orqali mahalladagi maktabga yangi sport zali qurildi. “Iftixor” koʻchasi toʻliq asfaltlandi.

— Bularning barchasi respublikamizda aholi turmush sharoitini yaxshilashga boʻlgan eʼtiborning amaldagi ifodasidir, — deydi mahalla raisi Dilshodbek Sotvoldiyev. — Koʻrsatilgan eʼtibor natijasida hududimiz infratuzilmasi tubdan yaxshilandi.

Yuzaga kelayotgan ijobiy oʻzgarishlarga javoban aholi tomorqadan unumli foydalanish, hovli-joylarni ozoda saqlash, obodonlashtirish ishlarida jonbozlik koʻrsatmoqdalar.

Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер