«Mahallabay» ishlash tizimi xalqqa nima beryapti?
Har qanday islohot fuqarolar manfaatiga xizmat qilishi kerak. Buning uchun esa amaldagi harakatlar quyidan boshlanmogʻi maqsadga muvofiqdir. Zero, Vatan oiladan, mahalladan boshlanadi, degan ibora bor. Shunday ekan, biz yashayotgan hudud oʻzida yurtimiz aksini namoyon etadi. Masalaga shu nuqtayi nazardan qaraydigan boʻlsak, keyingi yillarda nafaqat, mahallaga, balki, har bir xonadonga boʻlgan eʼtibor hamyurtlarimizning ertangi kunga boʻlgan ishonchini mustahkamladi, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Buning natijasida uzoq yillardan buyon oʻz yechimini kutib turgan muammolar ijobiy yechim topa boshladi. Masalaga yana-da chuqurroq kirib borish, kamchiliklarning tub ildiziga bolta urish, aholi turmush darajasini yaxshilab, mamlakatda har sohada olib borilayotgan islohotlar samaradorligiga erishish uchun «mahallabay» ishlash tizimining joriy etilishi bu boradagi jarayonning yangi bosqichini boshlab berdi.
Andijon tumanida ham yangicha ishlash tizimini joriy etish maqsadida 77 ta MFYlarida masʼul xodimlardan iborat doimiy vakillar biriktirildi. Ular tomonidan mavjud 50 ming 376 ta xonadonlarda xatlov oʻtkazildi. Natijada hamyurtlarimizni qiynab kelayotgan haqiqiy muammolar boʻy koʻrsatdi. Tan olish kerak, respublikamizda aholini eng koʻp qiynayotgan masalalardan biri ishsizlikdir. Andijon tumanida olib borilgan oʻrganishlar jarayonida ham 19 ming 483 nafar fuqarolarning ishsizligi qayd etildi. Biroq bu ularning hammasi ham foydali ijtimoiy mehnatga muhtoj degani emas. Jumladan, qayd etilganlar bilan yuzma-yuz boʻlib oʻtgan suhbatda ularning 3 ming 842 nafari doimiy ish joyiga ega boʻlish istagida ekanligini maʼlum qildilar. Amaliy harakatlar natijasida shu kungacha ularning 1 ming 267 nafari doimiy ish joyiga ega boʻldilar.
— Xatlov jarayonida mavjud mahallalarning 120 tasida “Oʻsish nuqtalari” aniqlandi, — deydi tuman hokimligi Matbuot xizmatining rahbari Mahfuraxon Ortiqova. – Bu yerda sanoat, xizmat koʻrsatish va qishloq xoʻjaligi sohalarini rivojlantirish evaziga yil yakuniga qadar 8 ming 436 ta yangi ish oʻrinlarini yaratish imkoni mavjud.
«Mahallabay» ishlash tizimi ishsizlarni ish bilan taʼminlabgina qolmasdan, balki, ular orqali yangi ish oʻrinlarini yaratishga ham imkon bermoqda. “Oʻzbekiston” massivida barpo etilayotgan “Yoshlar kichik sanoat hududi”da oʻz loyihasini taqdim etgan Abbosbek Omadjonov faoliyati bunga misoldir.
— Hozir kim meni ishga olarkin, deb taklifnoma kutib oʻtiradigan zamon emas, — deydi Abbosbek biz bilan suhbatda. –Mavjud imkoniyatlardan unumli foydalanib, aqlimiz va salohiyatimizni ishga solishimiz kerak. Men ham yurtimizda tashkil etilgan yirik sanoat korxonalari faoliyatini oʻrgangan holda oʻzimning kichik ishlab chiqarish seximga asos solishni ixtiyor etdim. Buning uchun 250 million soʻmlik loyiha ishlab chiqdim. Tuman hokimligi amaliy koʻmak berishga rozi boʻldi. Buning natijasida oʻzim qatori yana toʻrt nafar tengdoshlarimni ish bilan taʼminlay olaman.
Darvoqe, 6 gektar maydonda barpo etilayotgan 35 mlrd. 300 mln. soʻmlik loyiha asosidagi “Yoshlar kichik sanoat hududi”da tez orada 40 ta tadbirkorlik faoliyatiga asos solinadi. Natijada 1 ming 60 ta yangi ish oʻrni barpo etiladi.
Aytish joizki, hamyurtlarimiz azaldan hunarmandchilik orqali daromad manbaini shakllantirib kelganlar. Bugungi kunga kelib ham bu kabi anʼanalar davom etmoqda. Jumladan, «Zavroq» mahallasida istiqomat qiluvchi xotin-qizlar ham hunarmandchilik bilan mashgʻullar. Ular orasida koʻrpa-toʻshak tayyorlab, oʻz xaridorlariga ega boʻlganlari ham bor. Biroq, har bir ishda muvofiqlik juda muhimdir. Qolaversa, ishlab chiqarish koʻlami qay darajada boʻlishidan qatʼiy nazar marketingga boʻlgan ehtiyoj hamma davrda muhim ahamiyat kasb etgan. Hunarmandning marketing xizmati esa uning savdo nuqtasidan boshlanadi. Afsuski, «Zavroq»lik opa-singillarimiz shu paytgacha oʻz mahsulotini yoʻl yoqasiga yoyib qoʻyish orqali sotganlar. «Mahallabay» ishlash tizimi hunarmandlar va ularning xaridorlari uchun qulaylik yaratish maqsadida yengil konstruksiyali savdo doʻkonlarini barpo etish imkonini berdi.
—15 yildan buyon kelinim Odinaxon bilan koʻrpa-toʻshak tayyorlab, sotaman, — deydi «Shoxi Zinda» koʻchasining 164-uyida istiqomat qiluvchi Minuraxon Qodirova. –Xaridorlar mahsulotimizni uyimizdan olib ketishadi. Ularga sifatli xizmat koʻrsatish uchun doʻkon qurish taklifi bildirilgan edi bajonidil qabul qildik. Buning uchun kredit mablagʻi ajratiladigan boʻldik. Hisob-kitob qilib koʻrsak maxsus doʻkonimizni ochganimizdan soʻng sotuv hajmi bir necha barobarga ortar ekan. Bu esa xonadonimizda hunarmandlar sonini oshirishga va koʻproq daromad topishga sharoit yaratadi.
Respublikamizda amalga oshirilayotgan islohotlardan eng avvalo, xalqimiz minnatdor boʻlmoqda. Axir, kechagina tirikchilik payida qoʻshni davlatlarda mehnat qilishlariga toʻgʻri kelgan aksariyat fuqarolarning huzuriga shaxsan sektor rahbarlarining oʻzlari kelib, “Senga qanday sharoit yaratib beraylik?” deya yuzlanishlari kimning xayoliga kelgan edi, deysiz! Gap tuman “katta”larining uyma-uy yurib hol-ahvol soʻrashida emas, buning natijasida aholini daromadga yoʻnaltirishdadir. Buni toʻgʻri tushungan fuqarolar oʻrinli takliflar bilan yuzlanmoqdalar.
— Xonadonimizda 4 ta oila yashaydi, — deydi “Sultonobod” MFYda yashovchi Umidaxon Hamroqulova. -Otam va onam nafaqada. Akam Mansurbek mavsumiy ishchi, Nosirjon mebel sexida ishlaydi, ikkala kelinimiz va men ishsiz edik. «Mahallabay» ishlash tizimini tashkil etish avvalidagi xatlov jarayonida dehqonchilik qilish istagini bildirgan edim. Istagimiz amalga oshdi. Endi bu yerdan samarali foydalanib, oilamiz daromadini oshirishga hissa qoʻshaman.
Bu xalq mehnatda toblangan. Uning aqlu zakovati ila toshdan gullar unadi hali. Muhimi, ozgina dalda, koʻmak boʻlsa kifoya. Hukumatimiz esa ana shu “ozgina” koʻmakka ham kifoya qilmay katta imkoniyat eshiklarini ochmoqda, yetarli sharoit yaratyapti. Bundan unumli foydalangan hamyurtlarimiz, nafaqat, oʻz oilasi, balki, mamlakat iqtisodiyotini yuksaltirishga ham ulkan hissa qoʻshadi. Bu borada «mahallabay» ishlash tizimi istiqbolli manzilga boshlashi, tabiiy!
Saminjon HUSANOV,
“Xalq soʻzi”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring