Mahalla raisi shaxsiy “Kobalt”ini sotib mahalla binosi yangiladi
“Boʻston” MFY raisi Hoshimjon Turdiboyev. Foto: “Xalq soʻzi”
Quvasoy shahri Fargʻona viloyati markazidan bitta qoʻshiqni tinglashga ketadigan vaqt ichida yetib borish mumkin boʻlgan masofada joylashgan. Ammo oʻnlab millat va elat vakillari istiqomat qiladigan quvasoyliklarning yashash va turmush tarzi oʻziga xos — bunday manzarani viloyatning boshqa hech bir hududida uchratmaysiz.
Quvasoyning qoʻshni mamlakat bilan chegara hududida joylashgan “Boʻston” mahalla fuqarolar yigʻinida 2 ming 632 nafar aholi istiqomat qiladi. Mahalla ahli dehqonchilik, bogʻdorchilik yumushlari bilan mashgʻul.
2021-yilning oʻtgan davrida mahallaning 6 ta koʻchasida 3,5 km uzunlikda shagʻal yotqizish ishlari olib borildi, salkam 1 km qismi asfalt qilindi. Rayhon koʻchasiga ichimlik suvi tarmogʻi tortildi, Qorasuv koʻchasidagi suv minorasi qayta taʼmirlandi, Boʻstonliq koʻchasiga suv nasosi oʻrnatildi. Ijtimoiy soha obyektlariga 13 km masofaga shisha tolali aloqa kabeli tortildi.
Ushbu oʻzgarishlardan ruhlangan mahalla raisi Hoshimjon Turdiboyev ezgu tashabbus bilan chiqdi. Yaqinda oʻgʻillari sovgʻa qilgan yangi “Kobalt” avtomashinasini sotib, mahallaning nurab yotgan 65 yillik eski binoni yangidan qurish uchun sarfladi.
— Besh farzandim ham uyli-joyli boʻlib, jamiyatimiz ravnaqi yoʻlida sidqidildan mehnat qilmoqda, — deydi Hoshimjon aka. — Turmush oʻrtogʻim bilan maslahatlashib, boʻlayotgan oʻzgarishlarga oʻz ulushimizni qoʻshishni niyat qildik.
Ezgu tashabbuslar mahalla tadbirkorlarini ham faollikka undayotgani eʼtiborga loyiq. Shu kunlarda “Ayollar daftari”gi kiritilgan 10 nafar xotin-qizni ish bilan taʼminlash maqsadida tikuvchilik sexi foydalanishga topshirilish arafasida turibdi.
Ammo bu bilan mahallada hammasi joyiga tushdi, degani emas. Ayni paytda “Boʻston” MFYda qariyb 200 nafar bogʻcha yoshidagi bola bor. Lekin hududda haligacha maktabgacha taʼlim tashkiloti yoʻq. Sport maydonchasi boʻlmagani sababli 600 nafarga yaqin mahalla yoshlari qoʻshni mahallalardagi stadionlarga, sport toʻgaraklariga qatnashga majbur boʻlmoqda.
Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring