Mahalla — xalq va davlat oʻrtasidagi koʻprik

14:49 15 Yanvar 2024 Jamiyat
1154 0

Prezidentimizning 2023-yil 21-dekabrdagi “Mahalla institutining jamiyatdagi rolini tubdan oshirish va uning aholi muammolarini hal etishda birinchi boʻgʻin sifatida ishlashini taʼminlashga qaratilgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni, shuningdek, “Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi faoliyatini yoʻlga qoʻyish va mahallalarda boshqaruv tizimini takomillashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi doirasida Buxoroda viloyat mahallani qoʻllab-quvvatlash kengashining tashkiliy yigʻilishi oʻtkazildi.

Yigʻilishda mazkur hujjatlar ijrosi yoʻlidagi ustuvor vazifalar xususida maʼruza qilgan viloyat hokimi, viloyat Mahallani qoʻllab-quvvatlash kengashi raisi B. Zaripov taʼkidlaganidek, yuqoridagi Farmon va qaror mahalla institutining jamiyatimiz hayotidagi ahamiyatini oshirishda muhim rol oʻynaydi. Zero, endilikda fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organida soliqchi va ijtimoiy xodim ham qoʻshilib, ish “yettilik” tarzida olib boriladi. Sohada bir qator yangilik va oʻzgarishlar ham yuz beryapti. Yangi tashkil etilayotgan Oʻzbekiston mahallalar uyushmasi zimmasiga mahallaning xalq bilan davlat oʻrtasida koʻprik vazifasini oʻtash masʼuliyati yuklanmoqda. Shundan kelib chiqqan holda yigʻilishda tegishli Farmon hamda qaror mazmun-mohiyati haqida atroflicha soʻz yuritildi.

— Prezidentimiz tashabbusi bilan hayotga tatbiq etilayotgan yangilik va oʻzgarishlar mahallaning xalqchil tuzilmaga aylanishiga xizmat qiladi, albatta, — deydi tadbir qatnashchisi, Qorakoʻl tumanidagi “Polvonlar” mahalla fuqarolar yigʻini raisi Malika Rajabova. — Mahalla bu Vatan ichra bir vatan sanaladi. Oʻgʻil-qizlarimizning har tomonlama barkamol inson boʻlib voyaga yetishida mahallaning oʻrni katta. Odamlarning quvonchu tashvishlaridan xabardor boʻlmoq esa asosiy vazifamizdir. Negaki, biz mahalladoshlarimiz tashvishlariga sherik boʻlsakkina, yuragimiz “jiz” etsagina ular muammolarini hal qila olamiz. Tajribamdan yaxshi bilaman: Oddiy bir fuqaroning yelkasiga qoʻlingizni qoʻyib, “Turmushingiz qanday kechyapti, qanday muammolaringiz bor?”, deya soʻrashning oʻziyoq unga ruhan dalda boʻladi. Viloyatimizda 544 ta mahalla bor. Bu juda katta kuch. Agar hamjihatlikda ishlasak, xalqimiz bizdan rozi boʻladi, odamlarning mahallaga ishonchi ortadi.

Tadbirda davlatimiz rahbari raisligida 2023-yilning 22-dekabrida oʻtkazilgan Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat kengashining kengaytirilgan yigʻilishida belgilab berilgan mahalla tizimi faollari zimmasidagi ustuvor vazifalar yuzasidan ham fikr-mulohaza bildirildi.

Yigʻilish yakunida Oʻzbekiston Mahallalar uyushmasi taʼsis konferensiyasiga delegatlar saylandi.

Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер