“Mahalla” xayriya jamoat fondi Namanganda 50 ta mahallaga mebellar toʻplami va kompyuter jamlanmasi sovgʻa qildi
Foto: Xalq soʻzi
Yangi hayot uchun, Yangi Oʻzbekiston uchun!” degan bosh gʻoya asosida joylarda tashkil etilayotgan bayramoldi tadbirlarida Oʻzbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondi ham faol ishtirok etmoqda.
Xususan, kuni kecha fond tomonidan Namangan viloyatida bir qator ijtimoiy va xayriya tadbirlari tashkil etildi. Norin tumanidagi 2576 nafar aholi istiqomat qilayotgan “Rovot” mahalla fuqarolar yigʻini uchun byudjet mablagʻlari hisobidan qurib bitkazilgan idora binosini rasmiy ochilish marosimida yigʻinga zamonaviy mebellar toʻplami topshirildi. Shundan soʻng ushbu mahalla fuqarosi – Chernobil fojiasini bartaraf etishda oʻz hissasini qoʻshgan va hozirgi kunda tez-tez davolanishi sababli oilasida moliyaviy muammolarga duch kelgan Hasan Mamajonov xonadoniga maishiy texnika, oziq-ovqat va kiyim-kechaklardan iborat bayram tuhfalari bilan kirib borildi.
Eng ulugʻ va eng aziz bayram arafasida yangi binoga ega boʻlgan Toʻraqoʻrgʻon tumanidagi “Saroy” mahalla fuqarolar yigʻini ham fond tomonidan taqdim etilgan mebellar bilan jihozlanib, kompyuter jamlanmasini qabul qilib oldi. Shu kuni yigʻinning Ziyoratgoh koʻchasida istiqomat qilayotgan boquvchisini yoʻqotgan Durdona Oripova oilasiga 10 million soʻmlik miqdorda qurilish materiallari va uch nafar farzandi uchun ustki kiyimlar berildi.
Xayrli ish Namangan shahridagi “Nuroniy” markazida davom ettirilib, viloyatdagi 50 nafar mahalla fuqarolar yigʻinlariga faoliyatda foydalanish uchun mebellar va kompyuter jamlanmalari taqdim etildi.
— Mamlakatimizda oʻzini oʻzi boshqarish tizimiga alohida eʼtibor qaratilmoqda, — deydi fondning respublika boshqaruvi raisi Dilshod Usmonov. — Ayni jarayonda “Mahalla raisi – islohotchi” tamoyilini amalga oshirish uchun fuqarolar yigʻinlarida mehnat qilayotgan beshlik bugungi kunning islohotlari bilan tanishib, fuqarolar bilan samarali ish olib borishlarida bugun topshirilayotgan zamonaviy jihozlar yaxshigina yordamchi boʻladi.
Aytish joiz, Namangan viloyatida bugungi kunda 788 ta mahalla fuqarolar yigʻinlari faoliyat koʻrsatib, ularning asosiy qismi barcha shart –sharoitlar yaratilgan binolarda joylashgan. Keyingi paytda vaqtinchalik yoki moslashtirilgan binolarda ishlayotgan mahallalarning 24 tasiga zamonaviy binolar qurib berildi. Shu yil oxirigacha yana oʻnta MFY uchun yangi binolar qurilib, ishga tushirilishi rejalashtirilgan.
Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring