Mahalla faollari endi xijolat chekmaydi
Foto: Халқ сўзи
Mahalla idorasiga koʻp hollarda fuqarolar u yoki bu mushkuliga yechim topish ilinjida tashrif buyuradi. Mabodo, ular umid bilan qadam qoʻygan yigʻin binosi eskirgan, avariya holatida boʻlsachi? Unda najot istab kelgan fuqaro koʻnglidan “Mahallamizning oʻzi madadga muhtoj ekan”, degan fikr oʻtishi tayin.
Buxoro viloyati Vobkent tumanidagi “Oʻzbakon” mahalla fuqarolar yigʻini faollari ana shuni oʻylab xijolat chekishardi. Negaki, oʻtgan asrning oltmishinchi yillarida xom gʻishtdan qurilgan mahalla binosi deyarli batamom abgor holatga kelgandi.

Tuman hokimligi saʼy-harakati bilan mana shu xijolatpazlikka barham berildi. Davlat-xususiy sherikchiligi asosida mahalla uchun zamonaviy bino qurilib foydalanishga topshirildi. 300 million soʻm miqdoridagi mablagʻ evaziga qad rostlagan binodagi shinam xonalar zamonaviy mebel jihozlari va kompyuterlar bilan taʼminlangan. Yon- atrofni obodonlashtirishda esa mahalliy tadbirkorlarning koʻmagi asqatdi.
Tuman markazidan 30 kilometr uzoqlikda joylashgan bu hududda 2500 nafar aholi istiqomat qiladi.
Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring