Mahalla binosida yashayotgan odam

13:15 03 Dekabr 2021 Jamiyat
999 0

Foto: "Xalq so'zi"

Mehriddin oʻgʻilli boʻlganida, dunyoda undan baxtli odam yoʻq edi goʻyo. Zurriyodini yeru koʻkka ishonmasdi. Soʻng oilada ikkinchi farzand  tugʻildi. Er- xotin oʻgʻil-qizni oq  yuvib, oq taradilar. Shirin orzular qildilar. Ammo hayotda hammasi ham biz kutganimizdek boʻlavermaydi. Ayoli xastalanib qoldi. Mehriddin yugurdi-yeldi. Uchramagan shifokori qolmadi. Afsuski, muolajalar naf bermadi. Gulday ayolini qora tuproqqa topshirdi.

Oradan ancha vaqt oʻtib, tanish-bilishlari unga uylanishni maslahat berdilar. Bolalarimga, oʻzimga ham yaxshi boʻlar, degan ilinjda yana uylandi. Ammo oʻgay ona haqidagi xabarni eshitgan ikki bola ham toʻnini teskari kiyib oldi. Bu paytda ular ulgʻayib, oqu qorani tanib qolishgandi-da. “Hovli bizniki!” deyishdi. Ota rozi boʻldi. Ikkinchi turmushi bilan alohida uyda yashay boshladi. Shoʻrlik  oʻz pushti kamaridan boʻlgan bolalari  qanaqa shumliklarni oʻylab qoʻyishganini xayoliga ham keltirmagandi. Aka-singil imi-jimida hovlini sotib, xorijga juftakni rostlab qolishdi. Mana, necha yildirki, ulardan darak yoʻq. Yoʻllariga koʻz tikkan padari buzrukvorlariga loaqal qoʻngʻiroq qilib, koʻngil soʻrab ham qoʻymaydilar.

Ichiga chiroq yoqsa, yorishmay qolgan otani oldinda yana bir koʻrgulik kutayotgandi. Keksalik sabablimi, hartugul koʻzi xiralasha boshladi. Vaqt oʻtib   tamoman ojiz boʻlib qoldi. “Farzandlarimdan mehr-oqibat koʻrmadim”, deb oʻkingan ota shunda turmushning yana bir zarbasiga uchradi. Xotini undan yuz oʻgirdi.

Uy-joysiz, birovning qaroviga muhtoj, birinchi guruh nogironi sanalgan Mehriddin Ostonov Jondor tumani Koʻliyon mahalla fuqarolar yigʻini binosidan boshpana topdi. Bir necha yildirki, u shu yerda yashamoqda.

— Mehriddin aka  qabulxonamizga telefon orqali murojaat qildi,- deydi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Jondor tumanidagi Xalq qabulxonasi mudiri Ixtiyor Karimov. — Muammolarini aytib, yordam soʻradi. Tuman hokimi va 2-sektor rahbari bilan birgalikda uning shart- sharoitini oʻrganish maqsadida uyiga, aniqrogʻi, mahalla binosiga bordik.

Xalqimiz  “Bir koʻngil imorati — ming Makka ziyorati” deya bejiz aytmagan. Mehriddin ota bilan suhbat bahonasida unga 12 turdagi oziq-ovqat mahsulotlari berildi. Holidan doimiy xabardor boʻlib turish uchun bir kishi biriktirildi. Bu hali hammasi emas.

— Birinchi guruh nogironi Mehriddin Ostonov uchun tumanimiz markazidan barcha shart-sharoitga ega uy qurilmoqda, — deya qoʻshimcha qiladi Ixtiyor Karimov.

 

 

— Buni aynan bugun — Xalqaro nogironlar kunida aytishimning boisi bor. Nasib qilsa, bu fuqaromiz Yangi yil bayramini yangi uyda kutib oladi. Shu kabi xayrli ishlarni bundan keyin ham  tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda davom ettiramiz.

Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер