Mahalla ahli maktabda sport zal qurilishiga koʻmaklashdi
Yaqinda Toyloq tumanidagi Birlik mahallasida joylashgan 23-umumtaʼlim maktabining yangi qurilgan zamonaviy sport zali foydalanishga topshirildi.
320 nafar oʻquvchi taʼlim-tarbiya oladigan mazkur maktab 2013-yilda qurilgan boʻlib, sport zal yoʻq edi. Bu borada mahalla ahli “Ochiq byudjet”ning 2023-yil 1-mavsumida ishtirok etib, gʻolib boʻlishgan edi. Ajratilgan 1 milliard 200 million soʻm mablagʻ evaziga maktab oʻquvchilari zamonaviy sport zaliga ega boʻlishdi.

Hozirgi kunda Samarqand shahrining Qorasuv maskanida 82-maktab binosi qurilmoqda. Ushbu maktab kelgusi oʻquv yilidan toʻliq ishga tushishi koʻzda tutilgan.
— Bu yil viloyatda yana uchta maktab qurish rejalashtirilgan, — deydi viloyat maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi boshligʻi vazifasini bajaruvchi Farrux Boltayev. — Payariq tumanining Kattasoy qishlogʻida barpo etilayotgan yangi maktab binosi ham shular jumlasidandir. Tumanning olis hududi — Doʻstlik mahallasida bugungi kunda yagona maktab boʻlib, qishloqlardan keladigan oʻquvchilar 5-7 kilometr yoʻl bosishiga toʻgʻri kelmoqda.
Abdulaziz YOʻLDOSHEV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring