Lukashenko Belarus konstitutsiyasiga oʻzgartirishlarni 2 yil ichida tayyorlamoqchi
Foto: rbc.ru
Yaqin kelajakda Belarus konstitutsiyasiga oʻzgartirishlar kiritilishi mumkin. Bu haqda Aleksandr Lukashenko «Belaruskaliy» kompaniyasi mehnat jamoasi bilan uchrashuvda aytdi.
“Konstitutsiya – asosiy qonun. Uni ikki yil ichida tayyorlaymiz. Menga bir nechta varianti taklif qilingan, ammo ular boʻlmaydi. Odamlar konstitutsiyaga keskin oʻzgartirishlar kiritishdan qoʻrqishadi. Men shunday qilish kerak deb oʻylayman”, dedi u.
Shu bilan birga, uning soʻzlariga koʻra, 1994-yildagi asosiy qonunga qaytish ortga qaytish demakdir.
Prezidentlik saylovi kampaniyasidagi raqibi Viktor Babariko 1994-yilgi konstitutsiyaga qaytish uchun referendum oʻtkazishni taklif qilgandi. Ushbu konstitutsiyaga koʻra, bir kishi ikki muddatdan ortiq prezident lavozimini egallay olmaydi, vakolatlari esa ancha cheklangandi.
Shuningdek, Lukashenko belaruslarga mamlakatdagi oʻzgarishlar madaniyatli tarzda amalga oshishiga vaʼda berdi.
Eslatib oʻtamiz, Belarusda 9-avgustda prezidentlik saylovi boʻlib oʻtadi. Respublikada nomzodlarni ilgari surish boʻyicha imzo toʻplash yakuniga yetdi va yetti nafar nomzod yetarli imzo toʻpladi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring