Lolaqizgʻaldoq

19:04 25 Aprel 2022 Jamiyat
1159 0

Foto: Халқ сўзи

Oʻzbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf tavalludining 68 yilligiga!

«Oq yoʻrgakka oʻragansan oʻzing bizni,
Ham oq yuvib-taragansan oʻzing bizni.
Beshigimiz uzra bedor ona boʻlib,
Kunimizga yaragansan oʻzing bizni»

Oʻzbekiston xalq shoiri Muhammad Yusufning sodda, biroq oʻta samimiy boʻlgan ushbu satrlarini eti jimirlamay oʻqimagan, qoʻshigʻini tinglamagan kishi boʻlmasa kerak. Sababi, bu biz tugʻilgan hovli, bizni katta qilgan mahalla, yuragimizga Vatan taftini olib kirgan qishloq manzarasidir. Bizning bolaligimiz, poshsholigimiz qolib ketgan manzilning soʻz bilan tasvirlangan suratidir bu! Bizku, ushbu misralarni oʻqib shunchalar taʼsirlanyapmiz, uni yuragidan, vujudidan oʻtkazib his qilgan shoirning holati qanday kechgan ekan? Aslida unga mana shunday joʻshib madh etishni, yonib satr bitishni oʻrgatgan qishloqning tasviri, u yashagan muhitning taʼsiri qanday boʻlgan ekan?

Shu kabi savollar bizni Muhammad Yusuf uchun “Oltin beshik” vazifasini oʻtagan Marhamat tumanidagi Qovunchi qishlogʻi sari chorladi.

— Muhammadjonni butun Oʻzbekiston shoir sifatida taniydi, — deydi uning doʻsti Rayimjon Rasulov. — Men uchun esa u nafaqat shoir, balki eng yaqin doʻst, sirdosh, maslahatdoshdir ham. Garchi bugun oramizda yoʻq boʻlsada, xayolan u bilan suhbatlashaveraman... Biz Muhammadjon bilan ilk maktabga kelgan kunimizoq doʻstlashib qolganmiz, bitta partada oʻtirganmiz. Juda harakatchan, sergak, hushyor va tirishqoq bola boʻlgan. Boʻsh vaqt topdi deguncha stadionga chopardi. Futbol oʻynashni yoqtirar edi. 5-sinfda oʻqib yurgan kezlarimiz u menga bir varaq tutqazdi. “Qara, men sheʼr yozdim. Uni ustozga koʻrsatamizmi?” deb soʻradi. Shunday qildik. Ustozimiz mashqni oʻqib chiqqan, sheʼrning tartiblari, yozilish uslublari haqida maslahat berdi. “Sheʼr yozish uchun juda koʻp oʻqish kerak!” deya uqtirdi ustozimiz. Muhammadjon shu kundan boshlab kitobdan boshini koʻtarmay qoʻydi. Biz bitta kitob oʻqisak, u uchta kitob oʻqishga ulgurar edi. Maqsadi katta shoir boʻlish boʻlgani bois ustozlar oʻgitiga butun vujudi bilan amal qila boshladi. 7-sinfda oʻqib yurgan kezlarimiz gazetada ilk sheʼri eʼlon qilindi. Vatan haqidagi bu sheʼr chop etilgan gazeta maktabimizda qoʻlma-qoʻl boʻlib ketgan edi. Shu kundan boshlab partadoshim maktabdoshlarimiz uchun “katta shoir”ga aylanib ulgurgandi. Maktabni tamomlagach, poytaxtga ketdi, Toshkent davlat universiteti (hozirgi OʻZMU- tahr.)ning jurnalistika fakultetiga hujjat topshirdi. Biroq omad unga kulib boqmadi. “Shuncha bilim ham kamlik qildi, oʻrtoq” deya xafa boʻlgan edi oʻshanda menga. Bundan xabar topgan ustozimiz: “Muhammadjon, sen jurnalistika fakultetiga hujjat topshirib xato qilding. Sen shoir boʻlmoqchi boʻlsang, Moskvadagi jahon adabiyoti universitetida oʻqishing kerak” deb qoldi. Kelasi yili u Moskvadagi oʻsha oliygohning talabasiga aylandi.

Har gal uning sheʼrlarini oʻqiganimda bolaligim yodga tushaveradi. Qishlogʻimizdagi bedapoyada qoʻy boqib yursak, bir kuni: «Oʻrtoq, rimliklar oʻz shahri bilan ming marta faxrlanishsa ham, mana shu bedapoyaning hidini bilishmaydi, toʻgʻrimi?»,-deb qoldi. Yana bir kun: «Nega restoranlarda oʻzimizning tandirda yopilgan nonni uchratmaymiz, a?» deya soʻragan edi. U eng mashhur atirlar ham yalpizning oldida ip esholmasligini, dunyoga nom taratgan shifoxonalar ham ariqda shaldirab oqayotgan suv kabi davolay olmasligini aytgandi. Qarang, vaqti kelib bu oʻy va fikrlar uning sheʼrlarida aks etdi.

— Men shoir bilan avvaliga bitta universitetda tahsil olganman, — deya suhbatga qoʻshiladi Qovunchi qishlogʻida yashovchi, Muhammad Yusufning kelini Jamilaxon Toʻychiyeva. — Musofir emasmizmi, Oʻzbekistondan necha nafar qizlar boʻlsak, barchamizning himoyachimiz edi u. Har qanday vaziyatda unga suyana olardik. Uni oʻz akamizdek yaxshi koʻrardik. Ukasi bilan turmush qurganimdan soʻng uning oila aʼzolariga boʻlgan mehridaryoligini koʻrdim. Qiziq-qiziq odatlari bor edi. Har gal Toshkentdan kelsa, yalangoyoq boʻlib olib, koʻchamizda oqib oʻtuvchi ariqqa oyogʻini suvga solib oʻtirar edilar. Mahallamizdan oʻtgan-ketganlar uni koʻrib: Iya, shoir kelib qolibdimi?» deb qoʻyishardi. Oʻsha paytlar u qishloq ahli uchun oddiy bir shoir edi. Shoirlarda bir xislat boʻladi. Kelajagini oldindan koʻradi ular. Muhammad Yusuf ham bir sheʼrida “Biroq koʻnglim sezar mendan keyin ham, Bu hovliga odam toʻladi...” deb yozgan edi. Mana, bugun u tugʻilib-oʻsgan hovliga har kuni 300-400 nafar atrofida sheʼriyat ixlosmandlari tashrif buyurishadi. Mehmonlar u yashagan xonadonni, u oʻtirgan soʻrini, oyogʻini yuvgan ariqni tomosha qiladilar. Uning oyogʻi tekkan har bir manzilni ziyorat qilishadi.

Xususan, biz ham shoir ulgʻaygan mahallani aylandik, uning hovlisida, uy-muzeyida, tahsil olgan maktabida boʻldik, u oʻtirgan partada oʻtirdik. Angladikki, Muhammad Yusuf sheʼrlari satrlariga singigan his-tuygʻuni, dard-alamni, faxr-iftixorni ifodalash uchun, avvalo, dunyoga uning koʻzi bilan qarashni, uning hayotida yashashni, u kabi sevishni, u kabi kuyishni oʻrganmoq kerak. Biroq biz bunga qodirmizmi?

Safarimiz yakunida shoir nomi bilan ataluvchi qabristonda boʻldik. Qabriston uzra gilamday yastanib yotgan lolaqizgʻaldoqlarga boqar ekanmiz, beixtiyor shoirning ushbu misralari yodga tushdi:

Buni hayot derlar, unutma aslo,

Bir kun ochilasan, bir kun soʻlasan.

Qalbimdaku, faqat sen eding tanho,

Qabrim ustida ham oʻzing boʻlasan.

Sen bizning sevgidan xotira – bayroq,

Lola, lolajonim, lolaqizgʻaldoq.

Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер