Loʻgʻumbekda 8 tonna sumalak tayyorlandi
Foto: Xalq so‘zi
Andijon viloyati Izboskan tuman hokimligi tashabbusi bilan Loʻgʻumbek qishlogʻida 8 tonna sumalak tayyorlandi. Buning uchun 7,7 tonna ogʻirlikdagi qozon, 3,2 tonnalik oʻchoq hozirlandi. Sumalak tayyorlash uchun 5,5 tonna bugʻdoy, 4,5 tonna un, 2 ming litr paxta yogʻi, 7 ming litr suv, 200 kg tosh va 20 kg yongʻoqdan foydalanildi. Jarayonni oʻz koʻzi bilan kuzatish maqsadida uzoq-yaqindan mehmonlar tashrif buyurdi.

— Loʻgʻumbekdagi madaniyat va istirohat bogʻida 8 tonnalik sumalak tayyorlanishini eshitib, hayratlanib qoldim, — deydi Qirgʻiziston Respublikasining Jalolobod shahridan kelgan Sayram Nurgulova. — Bu mening hayotimdagi eng yorqin lahzalardan biriga aylandi. Boisi, doshqozon bahonasida turli millat vakillari Navroʻz bayramini koʻtarinki ruhda nishonlamoqdamiz. Tadbir haqiqiy xalq sayliga aylandi.
Ahamiyatli tomoni shundaki, sumalak tajribali oshpazlar tomonidan emas, balki tumandagi «Beshterak» mahallasida yashovchi 20 nafar ayollar boshchiligidagi mahalliy xotin-qizlar ishtirokida tayyorlandi. 25 ming nafardan ziyod hamyurtlarimiz ishtirokidagi tadbirni maroqli va mazmunli oʻtkazish maqsadida 8 ta sahna, 90 ta soʻri hozirlandi. 10 ta qozonda turli hududlarga xos palov damlandi. Tumanda kamol topgan 8 nafar jahon chempionlari esa sportning 15 turi boʻyicha bellashuvlar tashkil etib, bayramga fayz kiritdilar. Sumalak dovrugʻini eshitgan Rossiya, Qirgʻiziston, Tojikiston va Qozogʻistondan kelgan mehmonlar tadbir yuqori darajada tashkil etilganini, ayniqsa, unda aholi uyushqoqligini alohida eʼtirof etdilar.
Koʻpchilikning mehnati va mehri qoʻshilgan sumalak barcha mehmonlar va Izboskan tumani aholisiga tarqatildi.
Saminjon HUSANOV, «Xalq soʻzi».
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring